Yoz fasli kirib kelishi va harorat oshishi sababli Toshkent metropolitening yerusti yo‘nalishlarida harakat tezligi pasayishi mumkin. Bu bo‘yicha “Toshkent metropoliteni” DUK ogohlantirish e’lon qildi.

Havo harorati keskin ko‘tarilishi ortidan yerusti temiryo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat yuqorilab, +70 darajaga yetishi mumkin.

Temiryo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, relslarning harorati +55 darajadan oshganda, poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, ya’ni relslarning harorati +60 darajagacha bo‘lganda, poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajagacha 25 km/soatdan oshmasligi, +70 va undan yuqori darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

“Shu sababli metropolitenning Yerusti halqa yo‘li va Sergeli yo‘li uchastkalarida havo haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligining vaqtincha cheklovi joriy etiladi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent metropolitenida qatnaydigan poyezdlarning o‘rtacha me’yoriy tezligi 39 km/soatni, maksimal 65 km/soatni tashkil etadi.

Bunday chora-tadbirlar o‘tgan yillarda ham ko‘rilgan. Xususan, Toshkent yerusti metrosi halqa yo‘lida soat 18:00 gacha soatiga chegaralangan tezlik (30−35km/soat)da harakatlanish belgilangan.

O‘tgan yilning iyul oyida yerusti uchastkalarida relslar 65 darajagacha qizigani sababli poyezdlar tezligi 25 km/soatgacha pasaytirilgan. Poyezdlar harakat jadvalini me’yorda saqlash maqsadida “Chilonzor” yo‘nalishining yerosti yo‘li qismida poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirilgan.

O‘zgidrometning iyun oyi uchun bergan dastlabki prognoziga ko‘ra, bu oy me’yordan 2−3 daraja issiqroq bo‘lishi kutiladi.