4-iyul kuni Hindiston raisligida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti virtual formatda bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda mamlakat TIV sayti. Mamlakat ilk bor sammitga raislik qilmoqda.

Tadbirga SHHTga a’zo barcha davlatlar taklif etiladi: Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston. Yana uch davlat — Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston sammitda kuzatuvchi, Turkmaniston esa rais mehmoni sifatida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, oltita xalqaro va mintaqaviy tashkilot rahbarlari taklif etilgan: BMT, JSHOMA (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi), MDH, KXSHT, YeOII va SISA (Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha konferensiya).

Dastlab sammit Nyu-Dehlida o‘tkazilishi kerak edi. Hindiston tashqi ishlar vazirligi sammitni videokonferensiya orqali o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sabablarini keltirmadi.

The Hindu manbalariga ko‘ra, bunga sabablardan biri sifatida “jadval bilan bog‘liq qiyinchiliklar” bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Qolaversa, Hindiston hukumati bir qator SHHT yetakchilaridan, jumladan Xitoy va Pokistondan yakuniy tasdiq olmagan. Boshqa sabablar nashr suhbatdoshlari Ukrainada davom etayotgan urush “Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishtirokiga soya solishi mumkin”ligi, shuningdek, Hindiston bosh vaziri Narendra Modining “juda band” jadvaliga ishora qilmoqda.

Oxirgi marta SHHT sammiti 2022-yil sentabr oyida Samarqandda o‘tkazilgandi. Yakunda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Samarqand deklaratsiyasini imzoladi.