Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman 2022-yilda 845,3 ming kishi yoki umumiy aholining 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb tan olingan. Bu haqda bankning mamlakatdagi vakolatxonasi bergan ma’lumotlarda so‘z boradi.

Uch va undan yuqori yoshdagi jami aholining 13,5 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakliga ega.

Ta’kidlanishicha, nogironlikning tarqalishi yosh bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, 60 va undan yuqori yoshdagilarning 54 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga ega. Nogironligi bor shaxslarning katta qismi qishloq joylarda yashaydi: qishloqlarda 532 ming, shaharlarda esa 313,3 ming nafar. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy (3,6 foiz) va Sirdaryo viloyatlarida (3,1 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,9 foiz) kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda 142,3 ming nafar 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalar va 396,7 ming nafar pensiya yoshiga yetmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Nogironligi tasdiqlangan erkaklar (475,8 ming) soni ayollarga (369,5 ming) nisbatan ko‘proq.

Tadqiqotda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar turli sohalarda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishi ta’kidlab o‘tilgan.

“Hukumat vaziyatni yaxshilash choralarini ko‘rmoqda. Jumladan, hukumat tomonidan 2021-yilda ratifikatsiya qilgan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabardayu


Fevral oyida O‘zbekistonda 2023-yildan muhtoj shaxslarga zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bepul berilishi, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanishi va mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kirishini ko‘zda tutuvchi prezident qarori imzolangan.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil dekabr oyida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan murojaat yo‘llar ekan, inklyuziv jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini aytgandi. “Ishontirib aytamanki, sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz”, — degandi u