O‘zbekistonda may oyida inflyatsiya darajasi 0,5 foizni tashkil etdi. Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlar bir xilda — 0,5 foizga qimmatlashgan. Yillik inflyatsiya 10,4 foizgacha pasaygan (-0,6 foiz).
Oy davomida narxlar eng ko‘p sog‘liqni saqlash, restoran va mehmonxona xizmatlari sektorida oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlaridan “Sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkaklilar” guruhidagi mahsulotlarning narxlari pasayishi inflyatsiyani tutib turuvchi omil bo‘lgan. Bu mahsulotlar bo‘yicha iste’mol narxlari indeksi may oyida 94,6 foizni tashkil etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ichida aprel oyiga nisbatan quyidagilarning narxi eng ko‘p oshgan: baliq va dengiz mahsulotlari (2 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari (1,9 foiz), mevalar va yong‘oqlar (2,1 foiz), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (1,8 foiz).
Meva-sabzavot mahsulotlari ichida o‘tgan oyga nisbatan limon (31,5 foiz), karam (16,1 foiz), olma (9,2 foiz), sabzi (3 foiz), loviya (1,6 foiz) qimmatlagan.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida inflyatsiya 0,8 foizni, 2022-yil dekabriga nisbatan 3,3 foizni, yillik ko‘rsatkichda (o‘tgan yilning apreliga nisbatan) 11 foizni tashkil etgandi.