Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hozirda O‘zbekiston bayrog‘idan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayram kunlari markaziy ko‘chalarda foydalanishga ruxsat beriladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari hujjatlari yoki reklama materiallarining rekvizitlariga bayroq elementlarini kiritish taqiqlanadi. NNTning ramzlari bayroqqa o‘xshash bo‘lishi mumkin emas. Bayroq tasvirini aks ettiruvchi ramzlardan tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni reklama qilishda tijorat maqsadlarida ham foydalanish mumkin emas.

Jismoniy va yuridik shaxslarning bayroqdan foydalanishi qonun hujjatlarida batafsil ko‘rsatilmagani sababli, yuqoridagi harakatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203−1-moddasi bilan qonunbuzarlik deb topilib, 990 ming so‘mdan 2,3 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qo‘mita bayroqdan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini “yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda bayroqning ahamiyati bilan izohladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda quyidagi holatlarda ham davlat bayrog‘idan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin:

  • ️bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
  • ️bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
  • ️bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-kechakni bezatish yoki O‘zbekistonga tegishlilikni belgilash uchun tijoriy maqsadlarda.

Shu bilan birgalikda, bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilanmoqda, xususan:

  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
  • biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish (dafn marosimlarida foydalanish mustasno);
  • stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
  • kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
  • bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Seshanba kuni O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, davlat bayrog‘idan erkin foydalanish zaruriyatiga ham to‘xtalib o‘tgan edi.

Amaldagi prezident, davlat bayrog‘idan faqat bayram va marosimlarda yoki sport musobaqalarida ko‘tarishda foydalanilayotgani, endilikda esa uning har bir xonadonda xilpirab turishiga ruxsat beruvchi hujjatni qabul qilish vaqti yetganini ta’kidlagan edi.

“Parlamentdagi deputat va senatorlardan bu boradagi hujjat loyihasini qabul qilishda bugungi hayotiy zaruratni ham e’tiborga olishlarini so‘rar edim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yilning noyabrida O‘zLiDeP davlat bayrog‘idan foydalanishga qo‘yiladigan talablarni soddalashtirish, jumladan, bayroqni uy va ish joylariga o‘rnatishga ruxsat berish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif etilgandi.