Oliy Majlis Senatining qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi. Ushbu qonun Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda 2022-yil 25-oktabr kuni ma’qullanib Senatga yuborilgan. Quyi palata ushbu qonunni ma’qullar ekan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari o‘z idorasi tomonidan davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq minglab holatlar aniqlangani, biroq qonunchilik bazasi yo‘qligi sababli bunday holatlarni bartaraf etish muammoli ekanini ta’kidlagandi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi ekanini qayd etdi.

“Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar yopilmoqda, bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda. Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda”, — dedi rais.

“Tabiiyki, bu manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va shu orqali umuman korrupsiyaga qarshi kurash jarayonini faollashtirishga ham ijobiy ta’sir etadi. Zero, aynan manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi”, — dedi Tanzila Narbayeva.

manfaatlar to‘qnashuvi, сенат

Senatorlarni ushbu qonun mazmunini bilan tanishtirish uchun minbarga chiqqan Narimon Umarovning ta’kidlashicha, bir qator qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsada, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan. Sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.

Qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvining tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangan. Qonun bilan uning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda.

Xususan, qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Shunindek, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanishi mustahkamlanmoqda. Davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda.

Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.

Bundan buyon manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatli organ bo‘lib, sohadagi faoliyatni muvofiqlashtiradi, hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda davlat organi va boshqa tashkilotlar tomonidan tuzilgan bitim, qaror va boshqa hujjatni o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritadi.

Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Endilikda, manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun davlat organi xodimlari BHMning 3 baravardan 5 baravarigacha, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solmaganligi uchun esa mansabdor shaxslar BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

“Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi belgilanishiga xizmat qiladi. Qonunning qabul qilinishi natijasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishiladi”, — dedi senator.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.