Xalq deputatlari Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi hokimlik xodimlari, jumladan, tuman hokimi, shuningdek, kengash devoni xodimlarining lavozim maoshlariga aprel oyi uchun 306,2 million so‘m miqdorida ustama ajratishni ma’qulladi. Hujjatni bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashga rahbarlik qilayotgan tuman hokimi Shavkatbek Irgashev imzoladi.

Bunga e’tibor qaratgan Kun.uz sayti tuman hokimligining sud qarorlariga ko‘ra kompensatsiya to‘lash uchun 500 million so‘mdan ortiq qarzi borligi haqida xabar berdi.

Toshkent shahri hokimi va tumanlar hokimlari devoni, shuningdek, davlat boshqaruvi hududiy organlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga ko‘ra ularning lavozim maoshlariga maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilanadi, bu prezidentning 2018-yil 17-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan. Ustamalar mahalliy budjet daromadlari prognozi ortig‘i bilan bajarilgani sababli beriladi.

Kengashning ustama ajratish to‘g‘risidagi qarorida aytilishicha, qaror loyihasi 16−26-may kunlari jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan, biroq bu bo‘yicha hech qanday taklif kelib tushmagan. Hujjat 50 dan ortiq ko‘rishlar soniga ega. Hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilgani bo‘yicha hokimlik xabar bermagan.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, ustamalar mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra ajratilgan.
Hokimlik Toshkent shahrining barcha tumanlarida ham shunday qarorlar qabul qilinishini ta’kidladi: “Prezident qarori bilan tasdiqlangan tajriba-sinov tizimiga ko‘ra, har bir xodimning ish faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra ish haqiga ustamalar belgilanishi mumkin… Agar natijalar yomon bo‘lsa, unda xodim rag‘batlantirish ololmaydi”.

Ustama miqdori 200% emas — bu maksimal miqdor bo‘lib, u 50% ham, 100% ham bo‘lishi mumkin. Tumanda faqat “bir-ikki kishi” 150 foiz ustama oldi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Oyiga 800−900 ming so‘m oladigan xodimlar bor. Ustama 150 foiz bo‘lsa, o‘sha xodimga qo‘shimcha 1,2 million so‘m to‘landi… 40 dan ortiq xodim ustama oldi… Ular orasida hokimlar, hokim o‘rinbosarlari bor”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda poytaxtda keskin sezilgan energetika inqirozi fonida prezident Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan bo‘shatgandi. Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashev va Uchtepa tumani hokimi Farxod Abdullayev esa hayfsan olgan.

Tuman hokimligining ta’kidlashicha, ustama hayfsan olingandan keyin uch oy mobaynida, shu jumladan, agar bu hokim yoki hokim o‘rinbosariga tegishli bo‘lsa, berilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili poytaxtning Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov kengashning umumiy qiymati 1,5 milliard so‘m miqdorida ustama ajratish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni so‘rab, Senatga murojaat qilgandi.