Toshkent shahrida Cobalt bilan to‘qnashib, uning ichidagi yo‘lovchisi o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Millar dasturida ma’lum qilindi.

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 18-dekabr kuni taxminan soat 17:30 larda 1983-yilda tug‘ilgan U.T. boshqaruvidagi Lacetti yo‘l chetidan orqaga harakatlanayotgan 1960-yilda tug‘ilgan M.A. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgandi.

YTH oqibatida Lacetti haydovchisi U.T., Cobalt haydovchisi M.A. va yo‘lovchisi 2011-yilda tug‘ilgan M.M. olgan jarohatlari sabab tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan 2011-yilda tug‘ilgan M.M. vafot etgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, haydovchi voqea sodir bo‘lgan vaqtda mast holatda bo‘lgan.

“Qizlik uyimdan dadam bilan qaytayotganimda qizimning insulin dorisi uyda qolib ketgani sabab orqaga yurayotganimizda birdan orqadan mashina kelib urildi. Orqaga qarasam qizim yotibdi, dadamni turg‘azdim, signal chalib, yordam so‘rab baqirdim. Qizim 3 kun komada yotdi, haydovchi oilasidan hech kim oldimga hol so‘rab kelmadi”, — deydi qizchaning onasi.

Haydovchi o‘z pushaymonligini bildirdi.

“Spirtli ichimliklar do‘koniga kirib, 250 gr aroq oldim. Tezlikni oshirib chap tarafga o‘tgandim, oq Cobalt orqaga harakatlanayotgan ekan, tormoz bosishga ulgurmadim. Jarohat olib, hushimni yo‘qotdim. Pushaymonman, aybimga iqrorman. Kerak bo‘lsa tiz cho‘kib ham kechirim so‘rayman”, — deydi haydovchi.

Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2 qismi bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil muddatga transport boshqaruv huquqidan mahrum etgan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.