Oliy Majlis Senati 1-iyun kuni chaqiriladigan navbatdagi 41-yalpi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqadi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunchilik palatasi mazkur qonunni 2022-yil 25-oktabrda qabul qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov uning tuzilmasida davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq minglab holatlar aniqlangani, biroq qonunchilik bazasi yo‘qligi sababli bunday holatlarni bartaraf etish muammoli ekanini ta’kidlagan. “Gazeta.uz” qonun loyihasi haqida batafsil to‘xtalib o‘tgan.

Prezidentning 2020-yil iyundagi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga boshqa davlat organlari bilan birgalikda uch oy muddatda “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlari to‘qnashuvini deklaratsiyalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ham topshirilgandi. Ushbu tizim 2022-yil 1-yanvardan ishlashi kerak edi. Biroq 2022-yilning avgust oyida Akmal Burxonov qonun loyihasi va daromadlarni deklaratsiyalash tizimi tayyor bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning aniqlik kiritishicha, qonun loyihasi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilmoqda.

manfaatlar to‘qnashuvi, сенат yalpi мажлиси

Senat ko‘rib chiqadigan boshqa qonunlar qatorida norasmiy bandlikni qisqartirish, Qoraqalpog‘istonda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashishtirish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunlar ham bor.

Shuningdek, telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga hamda Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar Markaziy bankning 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ham eshitadi.