Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida 2-iyun kuni prezident Sadir Japarov raisligida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qirg‘iziston tomonining xabar berishicha, sammitda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nurmuxammet Amannepesov ishtirok etadi.

Uchrashuvda ikki mintaqa o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilinadi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.

Bundan tashqari, prezident Sadir Japarov delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avvalgi (hisob bo‘yicha birinchi) sammiti 2022-yil 27-oktabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan.

Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy vaziyat Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi integratsiyani yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashini talab qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u ushbu format doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha strategik dastur ishlab chiqishni taklif qilgandi.