AQSh prezidenti Jo Bayden va Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti federal hukumatning 31,4 trillion dollardan oshib ketgan chegarasini yana ikki yilga oshirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda CNN.

“Bu ishlovchi fuqarolar uchun muhim dasturlarni himoya qilish va barcha uchun iqtisodiyotni rivojlantirish bilan birga xarajatlarni kamaytirish uchun muhim qadam hisoblanadi”, — dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, kelishuv murosaga olib keladi va “halokatli defoltga aylanishi va iqtisodiy tanazzul, pensiya hisobvaraqlarining bo‘shab qolishi va millionlab ish o‘rinlari yo‘qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini oladi”

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, muzokarachilar mudofaadan tashqari xarajatlarni yil davomida 2023-yil darajasida cheklashga va 2025-yilda uni 1 foizga oshirishga kelishib oldi.

Endi kelishuv Kongressning har ikki palatasida 5-iyungacha tasdiqlanishi kerak, shu sanadan keyin Moliya vazirligi o‘z qarz majburiyatlarini bajara olmaydi. Agar kelishuv ma’qullansa, AQSh mamlakat tarixida hech qachon bo‘lmagan defoltdan qochib qutula oladi.

Qo‘shma Shtatlarda davlat qarzining umumiy miqdori bo‘yicha qonun bilan belgilangan chegara mavjud, ya’ni qarzning maksimal chegarasi. Bu federal hukumat o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarish uchun qarz olishga ruxsat etilgan maksimal miqdordir.

Bu majburiyatlarga ijtimoiy himoya dasturlarini moliyalashtirish, davlat qarzi bo‘yicha foizlar va harbiylarning maoshlari kiradi. Hukumat soliq yig‘imlaridan ko‘ra ko‘proq pul sarflagani sababli hisob-kitoblarni to‘lash uchun qarz olishga majbur bo‘ladi.

Yanvar oyida AQSh qarzi maksimal chegarasiga yetdi, shundan so‘ng Moliya vazirligi moliyaviy operatsiyalarni davom ettirish uchun favqulodda choralarni qo‘llashga majbur bo‘ldi.

Bir necha oy davomida respublikachilar va demokratlar milliy qarz limitini oshirish borasida kelisha olmadi. Hozirda AQSh Kongressi Vakillar palatasini nazorat qilayotgan respublikachilar hukumatni kelgusi yillarda xarajatlarni qisqartirishga chaqirdi. Demokratlar ba’zi soliqlarni oshirish bilan javob berdi.
AQSh qarzi an’anaviy ravishda eng ishonchlilaridan biri hisoblanadi va dunyodagi asosiy zaxira aktivi hisoblanadi — jamg‘armalarning deyarli 60 foizi dollarda saqlanadi. Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, AQSh hukumatining defolti global retsessiyaga va millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Bu yerda ehtimoliy yoki muqarrar defoltning sabablari, potensial oqibatlari va AQSh hukumati ixtiyoridagi favqulodda choralar to‘g‘risida “Gazeta.uz” sharhini o‘qish mumkin.