27-may kuni kechqurun Eron va Afg‘oniston chegarasida yuz bergan to‘qnashuv oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Al Jazeera. Eron o‘zining ikki chegarachisi halok bo‘lganini va ikki tinch fuqaroning yaralanganini bildirgan, “Tolibon” harakati esa har ikki tomondan bir kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi vakili Abdul Nafi Takorning aytishicha, eronlik chegarachilar Afg‘onistonning Nimroz viloyati hududiga qarata o‘q uzgan, shundan so‘ng ular javob qaytargan. “Vaziyat nazorat ostida. Islom amirligi [Afg‘oniston] qo‘shnilari bilan jang qilishni istamaydi”, — deyiladi bayonotda.

Eron davlat axborot agentligi IRNA`ning yozishicha, “Tolibon” Sasoli chegara postiga o‘t ochgan. Bu post qo‘mondoni o‘tgan hafta “Tolibon” tomonidan o‘ldirilgan, deb xabar beradi IRNA.

Avvalroq Eron prezidenti Ibrohim Raisiy “Tolibon”ni 1973-yilda imzolangan suv taqsimoti kelishuvini buzganlikda ayblagandi. “Tolibon” Hilmand daryosidan Eronning qurg‘oqchil sharqiy hududlariga suv oqimini chekladi, deydi Eron rasmiylari. “Tolibon” bo‘lsa, bu ayblovni rad etgan.

Ikki davlat hududidan uzunligi 1000 kilometrdan ortiq bo‘lgan Hilmand daryosi oqib o‘tadi. Afg‘oniston tomonida daryo elektr energiyasi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun to‘silgan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida Eronda qurg‘oqchilik darajasi yanada yomonlashgan. Bugungi kunda mamlakat hududining 97 foizi ma’lum darajada qurg‘oqchilikka duchor bo‘lmoqda.