O‘zbekiston fuqarosi 23 yoshli Sh. Tojiboyev Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashayotgan vaqtida halok bo‘ldi, deya xabar qildi Davlat xavfsizlik xizmati.

Yigit oilasini boqish maqsadida Rossiyaga ishlash uchun ketgan. “Nogiron bo‘lishiga qaramasdan, salat sexida ishladi, yollanma ishchi bo‘lib ishladi, qurilishda ishladi”, — dedi uning onasi DXX e’lon qilgan videolavhada.

So‘ngra yigit Rossiyada mustaqil ravishda kafe ochish, o‘ziga mashina olishga muvaffaq bo‘ladi.

DXX tarqatgan videoda yigitning onasi Rossiya-Ukraina chegarasiga odam olib ketayotganda qo‘lga tushirib, mashinasidan geroin chiqqanini ta’kidlaydi.

“Mening o‘g‘lim to‘g‘riso‘z, halol bola, unaqa ishlar qilishiga ishonmayman”, — dedi u.

Sh. Tojiboyev Rossiyada qamoq jazosiga hukm qilingan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li jazo muddatini o‘tayotib, qamoqdan Rossiya Ukrainada olib borayotgan urush uchun “safarbar qilingan”.

Ayol o‘g‘li bilan oxirgi marta 10-sentabr kuni suhbatlashgan.

“Farzandim na qurol ushlashni biladi, na armiya xizmatida bo‘lgan”, — deya qayd etdi marhumning onasi.

“„Men hech qanday xizmat qilmayman, odam o‘ldirmayman, onajonim, men bormayman, desam ham majburlashdi“, — dedi”, — deydi ona.

Ayol o‘g‘lining jasadi (faqatgina yuqori qismi) O‘zbekistonga olib kelinganini ma’lum qildi.

“Hech kimga bu kunni ravo ko‘rmayman. Farzandlaringizni ehtiyot qilinglar, ishlagani ketyapti, demanglar, tuhmat qilisharkan”, — deya boshqa ota-onalarga murojaat qildi u.

2022-yilning oktabrida Tong Jahoni va “Rus sidyaaya” huquqni himoya qilish tashkilotlari rahbarlari Valentina Chupik va Olga Romanova “Gazeta.uz”ga Rossiyada mehnat qilayotgan va hibsdagi O‘zbekiston fuqarolari Ukrainaga urushga qanday jalb qilinayotgani haqida so‘zlab berishgan edi. O‘sha vaqtdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi “safarbarlik” bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.

Joriy yil may oyida esa Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya hukumatining Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni yollashga urinayotganini xabar qildi. Harbiy xizmatga rozi bo‘lganlar rus qo‘shinlarining yo‘qotish darajasi yuqori bo‘lgan frontga yuborilishi mumkin, deyiladi sharhda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. O‘zbekiston fuqarosi yuqoridagi xorijiy davlatlar organlariga xizmatga yollansa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.