26-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan 30 yoshli erkakka sud hukmi o‘qildi. Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sudlanuvchi umrbod ozodlikdan mahrum qilindi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining

  • 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 137-moddasi (Odam o‘g‘rilash) 3-qismi “b” bandi;
  • 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi;
  • 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi;
  • 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi;
  • 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 96-moddasi (Jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash) ga muvofiq sudlanuvchiga jazoni o‘tash joylarida alkogolizm hamda murakkab politoksikomaniyaga qarshi davolash choralari qo‘llanilish belgilandi.

Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 sutka ichida sudlanuvchi va jabrlanuvchining qonuniy vakili hukm nusxasini olgan kunidan e’tiboran shu muddat ichida Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin, deyiladi xabarda.