24-may kuni poytaxtda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumida “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi va Singapurning STIE kompaniyasi o‘rtasida Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha bitim imzolandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri. Forum Singapur prezidenti Halima Yaqubning davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Kelishuv Toshkent metrosining transport infratuzilmasini loyihalash, yangi liniya va stansiyalarni qurish, rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha maslahatlashuvlarni o‘tkazishni nazarda tutadi. Hujjatni bajarish muddati — 2023−2026-yillar etib ko‘rsatilgan.

STIE veb-saytiga ko‘ra, kompaniya “Singapurda va uning tashqarisida muhandislik, qurilish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi yetkazib beruvchi” hisoblanadi. 20 yildan beri mavjud bo‘lgan kompaniya, shuningdek, obyektlarni boshqarishning integratsiyalashgan xizmatlari va bulutli yechimlarni taklif qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Singapur Savdo va sanoat vazirligining Enterprise Singapore agentligi qoshidagi Singapur hamkorlik korxonasi (SCE) tadbirkorlik, bosh rejalashtirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Wilmar International kompaniyasi O‘zbekistonda vakolatxona va distribyutorlik xab yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Wilmar bir necha mamlakatlarda ishlab chiqarish quvvatlari va keng tarqatish tarmog‘iga ega bo‘lgan agrosanoat guruhidir. Kompaniya palma yog‘i, oziq-ovqat moylari ishlab chiqarish bo‘yicha bir nechta zavodlarga egalik qiladi, bug‘doy, guruch, shuningdek, qamish va lavlagi shakarining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi, o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va PSB Academy xalqaro kollejlar tarmog‘i O‘zbekistonda zamonaviy Singapur ta’lim muassasasini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Enercon Asia kompaniyasi Farg‘ona viloyatidagi ishlab chiqarish obyektlarida avtonom elektr stansiyalarini yaratish va tijorat maqsadlarida foydalanish uchun quyosh panellarini o‘rnatish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qiladi. Tomonlar hamkorlikni joriy yilning mart oyida muhokama qilgan, Shavkat Mirziyoyevning Singapurga tashrifi chog‘ida Enercon Asia kompaniyasi bilan umumiy qiymati 100 million dollar bo‘lgan 100 MVt quvvatga ega fotoyelektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 723,7 ming kvadrat metr maydonga quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi 28 ta yirik korxonaning 723,7 ming m kvadrat tomlariga quyosh panellari o‘rnatiladi. Unumdorligi — yiliga 175 mln.kVt/soat, mazkur 28 ta korxonaning elektr energiyasiga yillik talabi 211 mln ni tashkil etadi.

Farg‘ona viloyatida ham Singapurdagi yetakchi temir-beton va yig‘ma konstruksiya ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Robin Village kompaniyasi bilan yig‘ma-beton konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilgan.

Singapurning Changi Airports International kompaniyasi yangi Toshkent aeroporti qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda yordamlashishi, shuningdek, mavjud aeroport faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha maslahatlar berishi haqida xabar bergandik.