O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasiga anonim tarzdagi murojaat kelib tushdi, unda maktablarning birida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida o‘quvchilarga vals tushish taqiqlangani aytilgan. Ammo xabarda maktab qaysi tumanda joylashgani haqida ma’lumot berilmagan.

“Maktabda o‘qiyman, menimcha, bizning holatimiz hamma uchun ham qiziq bo‘lmasligi mumkin, ammo bu so‘nggi yangiliklar bilan bog‘liq. Maktabimizda ["So‘nggi қўнғироқ”da] vals tushish taqiqlandi, chunki bu „yuqoridan“ berilgan buyruq ekan, aytishlaricha, bizning „mentalitetimizga“ to‘g‘ri kelmas ekan. Biz bir oydan ko‘proq vaqt davomida bunga tayyorlangandik, maktabimiz esa yevropacha, bekor qilinganini yaqindagina aytishdi. Nima bo‘layotganini tushunolmayapman, ular avvaliga valsga tushish mumkin emas deganlarni jarimaga tortishadi, keyin o‘zlari bu fikrga qo‘shilishadi”, — deyiladi murojaatda.

Ismini oshkor qilishni istamagan manbaning aytishicha, valsga bir oydan ko‘proq vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan Mirobod tumanidagi maktablarning birida ham shunga o‘xshash vaziyat yuz bergan. “Vals tushish taqiqlangan, hech narsa kerak emas, deyishdi, tuman XTBdan tavsiya qilibdi buni”, — deydi manba.

Xuddi shu hududdagi boshqa maktab direktorining aytishicha, bolalar bunga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rishgan, xoreograf taklif etilgan va buni tiklash kerak.

“Qizlar o‘g‘il bolalar tomon burilib, keyin orqalari bilan qo‘llariga yotadigan elementlar bor edi — olib tashlandi. O‘g‘il bolalar qizlarni ko‘tarib, aylanadigan joyini ham olib tashlashdi”, — deydi ota-onalardan biri.

“Direktor shunday dedi: „Biz tavsiyalarni e’tiborsiz qoldira olmaymiz, lekin sizning ishingiz va sa’y-harakatlaringizni juda qadrlayman, keling, murosaga kelaylik“. Bolalar, albatta, rozi bo‘lishdi”, — deydi u.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, maktablarga bunday taqiq bo‘yicha topshiriq yuborilmaganini ma’lum qildi.

Avvalroq vazirlik tomonidan maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqilgan edi.

Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 2023-yil 25-may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida tashkil etiladi.

Tadbirga maktabdagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb qilinadi.

Nimalar taqiqlangan?

  • “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘larini yig‘ish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni o‘tkazish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish.

2019-yilda o‘sha paytdagi Xalq ta’limi vazirligi bitiruvchilarning “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni nishonlashdagi huquqlarini cheklash tashkilotning vakolatlariga kirmasligini bildirgan edi.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshloq tumani bosh imomi Shukrullo Egamberdiyevni lavozimidan ozod qilgandi. Idoraning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bunga uning so‘nggi 6 oy davomida aholining noroziligiga uchragan videolari sabab bo‘lgan.

Xususan, imom maktabda yigitlar bilan vals tushgan qizga es-hushi bor yigitlar uylanmasligini aytib, bunday qizlarda turmush o‘rtog‘iga nisbatan vafo va sadoqat bo‘lishini so‘roq ostiga olgan.