24-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Singapur prezidenti Halima Yaqub huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif davomida quyidagi hujjatlar imzolandi:

  1. O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2023−2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  2. O‘zbekiston va Singapur Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  3. O‘zbekiston va Singapur Adliya vazirliklari o‘rtasida 2023−2024-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  4. O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi va Singapur Savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Singapur turizm boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  5. O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi va Singapur turizm agentliklari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  6. O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Singapur hamkorlik agentligi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot sohasidagi qo‘shma faoliyat to‘g‘risida hamkorlik bitimi;
  7. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va Singapur Biznes federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

O‘zbekiston-Singapur sammiti yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Halima Yaqub Faxriy mehmonlar xiyobonida archa ekdi.

“Bu davlatlararo munosabatlarda yangi davr boshlangani O‘zbekiston va Singapur xalqlari do‘stligi mustahkamlanib borayotganining ramzi bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.