O‘zbekiston Markaziy banki Tijorat banklari kapitalining yetarliligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda banklar tomonidan avtomobil sotib olish uchun ajratilayotgan kreditlar hajmi keskin oshib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida banklarning kredit portfelida mazkur kredit turining konsentratsiya bo‘lishiga va natijada kredit tavakkalchiligini oshishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, banklarda kredit tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida jismoniy shaxslarga avtomobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kreditning garovga nisbatidan kelib chiqqan holda tavakkalchilik darajalari belgilanmoqda.

Jumladan, kredit tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida Markaziy bank 1-iyuldan boshlab tavakkalchilik darajasini kredit bo‘yicha foiz stavkasiga qarab emas, balki kredit va garov summasining (garov shartnomasi bo‘yicha avtomobil narxi) nisbatidan kelib chiqqan holda belgilash niyatida. Hozirgi kunda ipoteka riski darajasi xuddi shu tarzda o‘lchanadi.

Agar kredit summasi garov (avtomobil qiymati)ning 75 foizidan kam bo‘lsa, u holda bank uchun xavf darajasi 100 foiz deb baholanadi. Agar kredit miqdori 75 foizdan ortiq bo‘lsa, lekin garov summasining 100 foizidan kam bo‘lsa, u holda xavf 150 foizga baholanadi. Agar ko‘rsatkich garov qiymatiga teng yoki undan yuqori bo‘lsa, u holda 200 foiz.

Moliyachi Otabek Bakirovning tushuntirishicha, dastlabki badali 25 foizdan kam, 10 foiz yoki hatto dastlabki badalsiz ajratilayotgan avtokreditlar endi 200 foizgacha risk bilan baholanadi. Tabiiyki, banklar dastlabki badali 25 foizdan kam bo‘lgan avtokredit mahsulotlari taklifini kamaytiradi.

“Nazarimizda, bu juda to‘g‘ri qaror. Monopollashgan birlamchi avtomobil bozori, yetarli darajada taklif yo‘qligi, shuningdek, yuqori darajada spekulyatsiya qoidalari asosida ishlay boshlagan ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat tobora moliyaviy piramida belgilariga ega bo‘lib bormoqda. Avtomobil iste’mol tovari xususiyatini yo‘qotib, olish va sotish o‘rtasidagi marjaga erishish va spekulyativ daromadga ega bo‘lish vositasiga aylanishi kuzatilmoqda”, — deb yozdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, banklar ham o‘zining marjasiga ega bo‘lish uchun kurashda tobora risk jarayoniga faol kirmoqda, riskni qarzdor bilan bo‘lishmaslik, ya’ni ramziy dastlabki badal bilan yoki dastlabki badalsiz avtokreditlar ajratilishi buning yaqqol misoli.

“Aytaylik, avtomobillar narxining 10 foiz yoki undan ko‘proq darajada birdan pasayishi (buning ehtimoli mavjudligini amaliyotda 2009, 2014−15 yillarda ko‘rganmiz) uzun noto‘lovlar zanjirini yaratadi. O‘zbekistonda avtomobil bozor tashqi krizis omillariga nisbatan judayam mo‘rt. Aytaylik, asosiy eksport bozorlarida sotuvlarning to‘xtab qolishi yoki pul o‘tkazmalarining qisqarishi eng avvalo ayni shu bozorda aks sado beradi. Yoki bo‘lmasa, to‘g‘ri bunga ishonish qiyinroq, avtomobillarga nisbatan ajdarho bojlardan insoniy bojlarga o‘tilishi ham bozordagi taklif diktovkasini juda qisqa muddatlarda o‘zgartirib yuboradi”, — deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

Moliyachi risk hisobini foiz stavkalarga bog‘lash amaliyotidan boshqa kredit mahsulotlarida ham voz kechishni taklif qildi.

“Riskli” mahsulot

2022-yil mart oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov avtokreditlar bilan jiddiy shug‘ullanayotgan banklar hali xavf-xatarlardan xabardor emasligini ta’kidlagan edi. Uning qayd etishicha, Markaziy bank bozorni barqarorlashtirish uchun makroprudensial nazoratni kuchaytiradi.

“Biz bu yerda hech qanday cheklovlar kiritmaymiz. Faqatgina makroprudensial nazoratni kuchaytiramiz, bu esa banklarga avtokreditlarni [berishni] oshirish istagini avtomatik ravishda kamaytirish imkonini beradi. Avtokredit bilan jiddiy shug‘ullanayotgan banklarning o‘zlari kelajakda qanday xavf-xatarlarga duch kelishlarini hali anglab yetgani yo‘q”, — degan edi Mamarizo Nurmuratov.

“Avtokreditlar juda xavfli kreditlar bo‘lib, garov kreditga sotib olingan avtomobil bo‘ladi. Foydalanilganda uning qiymati har kuni kamayadi. Bizning makroprudensial chora-tadbirlarimiz ushbu bozorni ma’lum darajada barqarorlashtirish imkonini beradi”, — dedi Markaziy bank rahbari.

2019-yil mart oyida Markaziy bank raisining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari (hozirda prezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsiyalar va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari) Timur Ishmetov chakana kreditlashda avtokreditlarga e’tibor qaratib, “risk-menejmentning asosiy tamoyillarini buzayotgan” banklar haqida ogohlantirgan edi.

“Avtokreditlar — mono-mahsulot, barcha banklar ommaviy ravishda faqat avtokreditlar bilan shug‘ullana boshladilar. Ular xavflarni boshqarishning asosiy tamoyillarini buzishni boshladilar — bu sizning barcha tuxumlaringizni bitta savatga qo‘ymasligingiz kerakligini anglatadi. Va bizda buning aksi bo‘lyapti. Albatta, bank alohida holatda boshqa banklarning hajmlarini ko‘rmaydi. Bir oz ko‘proq [avtomobil krediti bersam] yomon bo‘lmaydi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak”, — deya ta’kidlagandi u.

“Shunday bo‘ldiki, ayrim banklarda chakana kredit portfelining yarmidan ko‘pi avtokreditlarga to‘plangan. Gap avtomobil kreditlari haqida emas, balki bitta mahsulotga konsentratsiya bo‘layotganida — bu “pufak”ka olib kelishi mumkin. U yorilib ketsa, ko‘plab kreditlar defolt bo‘lib qoladi, banklar katta mablag‘ yo‘qotadi va shunga mos ravishda omonatchilar pulining bir qismi ham”, — deya tushuntirgandi Timur Ishmetov.