Singapur rahbari Halima Yaqub prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23−25-may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar qildi Singapur TIV matbuot xizmati.

Halima Yoqub, shuningdek, 21−23-may kunlari Qozog‘istonda bo‘ladi. Bu Singapur prezidentining Markaziy Osiyoga birinchi davlat tashrifi bo‘ladi.

Dushanba kuni Toshkent ko‘chalari O‘zbekiston va Singapur bayroqlari bilan bezatildi.

Halima Yaqub Ko‘ksaroyda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi. Shuningdek, Singapur — O‘zbekiston biznes forumida Singapur va O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan uchrashadi va Davlat boshqaruvi akademiyasiga tashrif buyuradi.

Bundan tashqari, martabali mehmon Samarqandga tashrif buyuradi va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 17-yanvar kuni Singapurga tashrif buyurgan edi. Davlatlar besh yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish, kapitali 500 mln dollar bo‘lgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar, shuningdek, salkam 5 mlrd dollarlik shartnomalar imzoladilar.