5-may kuni UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnomalar berishni ushbu modellarning konfiguratsiyasi yangilanishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatgandi. Kompaniya oradan 20 kuni o‘tib shartnoma berish boshlanishini ma’lum qildi.

Chevrolet Onix avtomobilining barchaga tanish olti komplektatsiyasi va Chevrolet Tracker`ning uch komplektatsiyalariga qo‘shimcha yangi Premier Plus va Redline modifikatsiyalari uchun shartnoma tuzish mumkin. Shu bilan birga, shartnoma uchun ochiq bo‘lgan avvalgi komplektatsiyalarning narxi o‘zgarishsiz qoladi.

“Yangilangan komplektatsiyalar ham xuddi boshqa komplektatsiyalaridek UzAuto Motors`ning Asakada joylashgan avtozavodida kuzov payvandlash, bo‘yash va yig‘ish kabi ishlab chiqarishning to‘liq sikli asosida ishlab chiqariladi”, — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqarish Asaka avtomobil zavodida 620 million dollardan ortiq yo‘naltirilgan sarmoya tufayli ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish natijasida amalga oshirilgan GM GM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida yo‘lga qo‘yiladi. 2023-yilning sentabrida Premier Plus va Redline komplektatsiyalarini ishlab chiqarishga start berish rejalashtirilgan.

Quyida keltirilgan modellar uchun kontraktatsiya shartnomasini tuzish mumkin:

Chevrolet Tracker

  • LS
  • LS Plus
  • LTZ
  • LTZ Plus
  • Premier
  • Premier Plus
  • Redline

Chevrolet Onix

  • Premier 1
  • Premier 2
  • Premier 2 Plus
  • Redline

Ta’kidlanishicha, Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarining barchaga tanish komplektatsiyalarida bo‘lgan jamiyki asosiy opsiyalariga qo‘shimcha ravishda, Plus komplektatsiyasi barcha isitish tizimi opsiyalari bilan, jumladan rul, old va orqa o‘rindiqlar (orqa suyanish joyi bilan) yon oynalar, old labovoy oyna isitish tizimi opsiyalari bilan shuningdek, qoraytirilgan orqa va orqa yon oynalar, dvigatel himoya karteri va qo‘shimcha qulay opsiyalar bilan jihozlanadi.

Avvalroq tarmoqlarda 1-iyundan Damas, Labo, Cobalt va Lacetti avtomobillarining yangilangan versiyalari taqdim etilishi, Cobalt va Lacetti narxi 20−23 ming dollargacha ko‘tarilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Kompaniya ushbu ma’lumotlar yolg‘on ekanini bildirgan.

Bungacha Cobalt, Lacetti, Damas, Labo kabi budjet modellarining sotuvi dekabr oyida to‘xtatilgan va hali tiklanmagan.

Asakada Spark o‘rnini bosuvchi yangilangan Tracker krossoverining ommaviy ishlab chiqarilishi 2022-yil iyulida, Onix sedanining (Nexia muqobili) seriyali ishlab chiqarilishi 2023-yilning fevral oyida boshlangandi.