AQSh Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan birgalikda ukrainalik uchuvchilarni to‘rtinchi avlod qiruvchilari, jumladan, Amerikaning F-16 samolyotlarida o‘qitishni boshlaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Yaponiyaning Xirosima shahrida (19−21-may kunlari bo‘lib o‘tgan) G7 sammitidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Bir necha oy davomida ittifoqchilardan Ukraina Harbiy-havo kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qiruvchi samolyotlarni so‘rab kelgan Vladimir Zelenskiy AQShning qarorini tarixiy deb atadi. “Bu havodagi armiyamizni sezilarli darajada kuchaytiradi”, — deb yozdi u Twitter`da.

Baydenning aytishicha, u F-16 samolyotlari Ukrainaning rejalashtirilgan qarshi hujumida ishtirok etishini kutgani yo‘q.

“Men F-16 samolyotlarining hozirgi sharoitda ishtirok etishini kutmayapman. Tasavvur qiling, hujum ertaga boshlanadi. Yoki 1 hafta, 2, 5, 7, 10. Ammo ular Ukraina qisqa muddatda muvaffaqiyatga erishsa, faollashadi”, — deydi Bayden.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Zelenskiy unga Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun qiruvchi samolyotlardan foydalanmaslikka va’da bergan.

CNN nashrining aniqlik kiritishicha, mashg‘ulotlar katta ehtimol bilan to‘liq Yevropada bo‘lib o‘tadi va “yaqin haftalarda” boshlanadi.

Oq uy qarori ittifoqchilarga ushbu samolyotlarni Ukrainaga jo‘natish imkonini beradi, chunki davlatlar faqat AQSh ruxsati bilan Amerika harbiy texnikasini qayta sotishi mumkin, deb yozadi BBC. Qo‘shma Shtatlar mashg‘ulotlar uzoq davom etishini bildirib, shuningdek, Rossiya tomonidan mojaro kuchayishidan xavfsirab, F-16`ni Kiyevga topshirishdan bir necha bor bosh tortgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak AQShning ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish haqidagi e’lonini olqishladi va London “AQSh, Niderlandiya, Belgiya va Daniya bilan Ukrainani zarur bo‘lgan jangovar samolyotlar bilan ta’minlashda hamkorlik qilishini” ma’lum qildi.

Avvalroq Yevropa Kengashi sammitida Buyuk Britaniya va Niderlandiya Ukraina uchun qiruvchi samolyotlar sotib olish bo‘yicha koalitsiya tuzishga kelishib olgandi.

Ukrainaning hozirgi havo floti asosan Sovet davridagi MiG-29 va Su-27 qiruvchi samolyotlaridan iborat. Ulardan farqli o‘laroq, F-16 uzoq masofalardagi dushman nishonlariga o‘q uzishi, shuningdek, aniq bombalarni uchirishi mumkin.

Yahoo News`ning AQSh Harbiy-havo kuchlaridan olingan ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatish bor-yo‘g‘i to‘rt oy davom etadi, bu esa AQSh ilgari e’lon qilgan muddatdan ancha qisqaroq.