Toshkent shahar hokimligi Yunusobod tumani 8-mavzeda joylashgan 17, 19 va 20-uylar oralig‘ida olib borilayotgan qurilish ishlaridan fuqarolarning noroziligi aks etgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda qurilish bo‘lishiga norozilik bildirgan fuqarolar, ular bilan yoqalashayotgan kompaniya xodimlari va aholi tomon harakatlantirilgan yuk mashinasini hamda shu yerda turgan IIB xodimini ko‘rish mumkin.

“8-maydan beri har kuni shu ahvol, hujjati yo‘q bo‘lsa-da, qurilish ishlarini boshlab yuborishmoqchi. Hattoki, sportchi yigitlarni jalb qilib, aholini qo‘rqitmoqchi bo‘lishyapti, ayollarga qo‘l ko‘tarishgacha borishdi. Vaziyat ancha jiddiy, 5−6 marta IIBga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Holat yana takrorlanyapti. O‘zi mahallada mashina ko‘p, kechki payt yurib bo‘lmaydi hatto. Faqat shu avtoturargohimiz bor, uni ham buzib, o‘rniga „dom“ qurishmoqchi. Keyin aholi mashinasini qayerga qo‘yadi?” — deydi Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan aholi vakillaridan biri.

Mazkur holat shahar hokimligi va vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan manzilga chiqib o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, poytaxt hokimining 2018-yil 5-fevraldagi qarori bilan Franchising invest kompaniyasiga Yunusobod tumani 8-mavze 17, 19 va 20-uylar oralig‘idagi 1,23 gektardan iborat yer maydoni mavjud avtoturargohni o‘z hisobidan buzish va o‘rnatilgan tartibda yetkazilgan zararlarni qoplash hamda aholining roziligini olish sharti bilan ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilgan.

“Guvohi bo‘layotganingizdek, aholi roziligini olish muhim shart sifatida belgilangan. Shunga ko‘ra, quruvchi kompaniya bu hududdagi bunyodkorlik ishlarini shu hududda yashovchi aholining roziligi bilangina boshlashi mumkin”, — deyiladi xabarda.

19-may kuni kompaniya Toshkent Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan qurilishni aholining roziligisiz boshlamaslik, aks holda loyiha va loyiha oldi hujjatlari bekor qilinishi xususida rasman ogohlantirilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi esa qurilish bo‘lishiga norozilik bildirgan fuqarolarga qarshi baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini buzgan shaxslar F. J. (1991 y. t.), S. X. (1992) hamda X. N. (1993) ekanini ma’lum qildi.

ноқонuniy qurilish, юнuсобод tumani

Foto: Toshkent shahar IIBB

Holat yuzasidan ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi tomonidan ularga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qurilish firmasi haqida

Internetda Franchising invest haqida kamroq ma’lumotlar mavjud. Biroq korxonaning SТИРи yirik ishlab chiqaruvchi Murad Buildings (muassislar — Murod Nazarov (52,5%) va Umid Nazarov (47,5%))ning amaldagi STIRiga to‘g‘ri keladi.

Aprel oyi boshida kompaniya joylashuvi uy qurilishi rejalashtirilgan hududga (Rihsili va Uch Qaxramon ko‘chalari chorrahasi) to‘g‘ri keladigan NRG Yunusobod turar-joy majmuasi yaqin orada sotuvlar boshlanishi haqida xabar bergan.

ноқонuniy qurilish, юнuсобод tumani

ноқонuniy qurilish, юнuсобод tumani

Kompaniya hozircha hodisaga munosabat bildirmadi. “Gazeta.uz” bu borada so‘rov yuborgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyi boshida Toshkentda bosh reja qabul qilinmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u qurilishga ruxsat berishda infratuzilmaga tushadigan yuklamaning aniq hisob-kitoblari yo‘qligi, yashil maydonlarni tashkil etishga e’tibor berilmaslikni tanqid qilgandi.

“Gazeta.uz” Qurilish vazirligiga moratoriy qachon joriy etilishi va uning ishlash mexanizmlari haqida bir necha so‘rov yuborgan, biroq javob ololmagan.