Xitoy rahbari Si Szinpin 19-may kuni Sian shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Markaziy Osiyo bilan savdo, infratuzilma qurilishi, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga va’da berdi.

Ikki kun davom etgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammitida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etdi. Bu olti davlat rahbarlarining 31 yil avval ular o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi.

“Dunyoga barqaror, gullab-yashnagan, barkamol va yaxshi bog‘langan Markaziy Osiyo kerak”, — dedi Xitoy rahbari.

Uning qayd etishicha, Xitoy-Markaziy Osiyo hamjamiyatini yaratishda olti davlat ushbu to‘rt tamoyilga amal qilishi kerak: o‘zaro yordam, birgalikda rivojlanish, umumiy xavfsizlik va “abadiy” do‘stlik.

“Biz hamkorlikning iqtisodiyot, savdo, sanoat quvvatlari, energetika va transport kabi an’anaviy yo‘nalishlarida o‘z salohiyatimizni to‘liq ochishimiz lozim. Moliya, qishloq xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish, „yashil“ va kam uglerodli taraqqiyot, tibbiy xizmat, sog‘liqni saqlash va raqamli innovatsiyalarda o‘sishning yangi drayverlarini yaratishimiz kerak”, — dedi Si Szinpin.

“Biz […] tashqaridan mintaqa davlatlarining ichki ishlariga aralashish yoki rangli inqiloblarni qo‘zg‘atishga urinishlarga qat’iy qarshi turishimiz muhim. Biz terrorizm, separatizm va ekstremizm kuchlariga mutlaqo toqat qilmasligimiz zarur”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, sammit “yangi istiqbollarni ochdi” va Xitoy bu imkoniyatdan “barcha tomonlar bilan muvofiqlashtirishni kuchaytirish” uchun foydalanadi. U Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning sakkizta yo‘nalishini taklif qildi.

1. Tashkillashtirilgan salohiyatni kuchaytirish. Xitoy sanoatni rivojlantirish va sarmoya, qishloq xo‘jaligi, transport, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, ta’lim va siyosiy partiyalar bilan bog‘liq masalalarda uchrashuvlar hamda muloqotlar mexanizmlarini yaratishni taklif qilmoqda.

2. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish. Xitoy savdoni yengillashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni amalga oshiradi, ikki tomonlama sarmoyaviy kelishuvlarni yangilaydi hamda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi barcha chegara o‘tish punktlarida yashil yo‘laklarni ochadi, shuningdek, xom ashyo tovarlari savdosi markazi quradi.

3. Mintaqaviy aloqalarni kengaytirish. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan transchegaraviy yuk tashish hajmini oshiradi, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mavjud o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilishni tezlashtiradi, aviatashuvlar bozorini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida xorijdagi omborlar qurishga ko‘maklashadi.

4. Energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish. Xitoy energetikani rivojlantirish sohasida Xitoy-Markaziy Osiyo hamkorligini yo‘lga qo‘yishni, Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining D liniyasi qurilishini tezlashtirishni, neft va gaz savdosini oshirishni, butun sanoat zanjiri bo‘ylab energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishni va sanoat sohasida hamkorlikni faollashtirish hamda yangi energiya va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni taklif qilmoqda.

5. Yashil innovatsiyalarni rag‘batlantirish. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan sho‘rxok va ishqorli yerlarni o‘zlashtirish va yaxshilash, suvni tejaydigan sug‘orish, Orol dengizi inqirozini bartaraf etish, Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyali korxonalar va IT-parklar tashkil etishda hamkorlik qiladi.

6. Rivojlanish salohiyatini kuchaytirish. Xitoy fan va texnologiya orqali kambag‘allikka qarshi kurash sohasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik rejalarini ishlab chiqadi. Markaziy Osiyodagi Xitoy kompaniyalari mahalliy aholi uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantiriladi. Xitoy, shuningdek, mintaqa mamlakatlariga 3,5 mlrd dollardan ortiq moliyaviy yordam va grantlar ajratadi.

7. Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarini “Madaniy ipak yo‘li” dasturida ishtirok etishga taklif qiladi, ko‘proq an’anaviy tibbiyot markazlarini quradi, mintaqadagi talabalar uchun davlat stipendiyalari ajratadi va maxsus turistik poyezdlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

8. Mintaqada tinchlikni saqlash. Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlariga huquq-tartibot va kiberxavfsizlik salohiyatini mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik va qayta qurish ishlariga ko‘maklashishga tayyor