O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishda majoritar-proporsional (aralash) saylov tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda. O‘zgartirishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga tadbiq qilish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan prezident farmonida ko‘zda tutilgan. “Gazeta.uz” siyosatshunos, fan doktori Farhod Tolipov bilan aralash saylov tizimining mohiyati va uning joriy etilishi qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligi xususida suhbatlashdi.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

Farxod Tolipov. Foto: Facebook.

Majoritar va proporsional tizimlar: farqlari, afzallik va kamchiliklari

Majoritar tizim — bu o‘z saylov okrugida eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylangan deb topiladigan saylov tizimidir.

Masalan, Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputatlarni saylashda 150 ta hududiy saylov okrugi shakllantiriladi. Ularning har biri fuqarolar ovoz beradigan saylov uchastkalariga bo‘linadi. Har bir saylov okrugidan bittadan deputat saylanadi.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

2019-yilgi parlament saylovlari.

O‘zbekistonda beshta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan. Har bir partiya bitta saylov okrugi doirasida o‘zidan bittadan nomzod ko‘rsatadi. Saylovoldi poygasi ishtirokchilari o‘z dasturi, mamlakatdagi siyosiy muammolar yuzasidan o‘z qarashlariga ega — ular aynan shu borada bir-biri bilan raqobatlashadi. Saylov o‘tkaziladigan kunga qadar uch oy muddatda partiya vakillari saylovchilar bilan uchrashib, amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlari haqida ma’lumot berib boradi.

Saylov kuni saylovchilar saylov uchastkalariga borib, besh nomzoddan bittasining foydasiga o‘z ovozini beradi. Okrug bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzod saylangan deputat hisoblanadi.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

Majoritar tizimning afzalligi, Farhod Tolipovning fikricha, uning barqarorligidadir.

“Aytaylik, mamlakatda yirik siyosiy partiya borki, saylovda o‘zining taniqliligi hisobiga g‘alaba qozonadi. Natijada Oliy Majlis quyi palatasida uning vakillari son jihatdan ustunlikka erishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, parlament ishi nisbatan barqaror bo‘ladi — hech kim e’tiroz bildirmaydi”, — deydi Farhod Tolipov.

Majoritar tizim barqarorligining salbiy tomoni — biryoqlamalikdir, deya ta’kidlaydi siyosatshunos. Tizim parlamentdagi vakillari muntazam mutlaq ko‘pchilikni tashkil etuvchi yirik, kuchli partiyalar foydasiga ishlaydi. Shu sababli, kichik partiya nomzodi o‘z saylov okrugida g‘alaba qozongan taqdirda ham, son jihatdan ustunlik yirik partiyalar tomonida qolganligi uchun Qonunchilik palatasida uning ovozi ahamiyatsiz. Oqibatda kichik partiya deputatining g‘oyalari siyosatda yetarlicha aniq ifodalanmaydi.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

“Bu tizimning kamchiligidir. Qonunchilik palatasidagi o‘rinlarni mexanik ravishda ko‘proq ovoz olganlar egallaydigan sharoitda, deputatlar tomonidan qabul qilingan qonunlar saylov okruglarining mahalliy muammolarini aks ettirmasligi mumkin. Buning sababi, mahalliy muammolarni kun tartibiga olib chiqishi mumkin bo‘lgan kichikroq partiyalarning mavjud emasligidir”, — deya izohlaydi siyosatshunos.

Proporsional tizim — bu har bir partiya parlamentda qo‘lga kiritadigan o‘rinlar soni saylovda unga berilgan ovozlar soniga ko‘ra belgilanuvchi saylov tizimidir. Uning majoritar tizimdan farqi shundaki, bunda saylovchilarga partiyadan muayyan nomzodga emas, partiyaning o‘ziga ovoz berish taklif qilinadi.

Proporsional tizimda har bir partiya deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini ovozga qo‘yadi. Partiyalar ro‘yxatlarni mustaqil ravishda tuzadilar, ularga eng faol, eng taniqli siyosiy arboblarni kiritadilar. Har bir partiyadan nomzodlar soni hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan qonun bilan belgilanishi kerak, deya qayd etadi siyosatshunos.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari bilan tanishib chiqqach, saylovchi ulardan bittasi, o‘z navbatida, muayyan partiya foydasiga tanlov qiladi.

“Partiyalarning parlamentdagi o‘rinlari soni saylovda qancha ovoz to‘plashiga bog‘liq. Shartli oladigan bo‘lsak, agar „A“ partiyasini 30 foiz, „B“ partiyasini esa 25 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasida birinchisi 30, ikkinchisi 25 o‘ringa ega bo‘ladi. Partiyalar bu o‘rinlarni o‘z ro‘yxatidagi nomzodlar o‘rtasida taqsimlaydi”, — deydi Farhod Tolipov.

Proporsional tizimning afzalligi shundaki, nafaqat saylovda g‘alaba qozongan yirik siyosiy kuchlar, balki kichik partiyalar ham parlamentdan joy olish imkoniga ega bo‘ladi. Kichik partiyalar minimal o‘rinlar soniga ega bo‘lishi mumkin — pastki chegara ham qonun bilan belgilanishi lozim.

“Kichik partiyalar ham o‘z elektorati manfaatlarini aks ettiruvchi siyosiy kuchdir. Ularning mavjudligi tizimning yanada plyuralistik bo‘lishiga xizmat qiladi, partiyalar o‘rtasidagi haqiqiy kurash ehtimolini oshiradi. Masalan, kuchsizligi tufayli qarorlar va qonunlar qabul qilish jarayonida kuchli raqiblardan ustun kelolmasligi mumkin bo‘lgan kichik partiyalar koalitsiyalarda birlashishi va shu shaklda yetakchi partiyaga nisbatan yanada ta’sirliroq kuchni ifodalashi mumkin”, — deya tushuntiradi siyosatshunos.

Proporsional tizimning kamchiligi sifatida deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlarning zaifashuvini ko‘rsatish mumkin, ayniqsa, hududlar kontekstida. Shuningdek, ko‘pincha partiyalarga e’tiborni jalb qilish uchun ro‘yxatlarda taniqli shaxslarning — aktyorlar, sportchilar, qo‘shiqchilar — aks etishi ham salbiy omil bo‘lishi mumkin. Ular saylovlarda g‘alaba qozonganidan keyin o‘z mandatini saylovchilarga notanish bo‘lgan, ro‘yxatda nisbatan quyi o‘rinlarni egallagan boshqa nomzodlarga beradi.

“Proporsional tizim Avstriya, Daniya, Belgiya va rivojlangan partiyaviy tizimga ega bo‘lgan boshqa bir qator mamlakatlarda qo‘llaniladi. Bizning vaziyatimizda esa, O‘zbekistonda siyosiy jarayonlar, islohotlar turg‘unlik holatida ekan, bunday tizimga o‘tishga imkon bor, deb hisoblamayman. Demokratik kuchlar o‘rtasida teng raqobat mavjud emas — sun’iy tuzilmalar bo‘lgan va hokimiyatga sodiq partiyalarning “kurash”iga nazar tashlashning o‘zi yetarli. Mamlakat siyosiy hayotini yolg‘iz ularga ishonib topshirishga hali erta deb hisoblayman”, — deydi Farhod Tolipov.

Aralash saylov tizimi: mohiyati va istiqbollari

Majoritar-proporsional yoki aralash saylov tizimiga o‘tish yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etishning ustuvor chora-tadbirlaridan biri sifatida qaralmoqda. Farhod Tolipov hozircha bunday qadamning vaqti emas, deb hisoblaydi.

“Saylov tizimini o‘zgartirish yuzasidan qarorlar boy siyosiy tajribaga, turli siyosiy kuchlar, xususan, partiyalar yoki alohida yirik siyosatchilar o‘rtasidagi haqiqiy kurash tajribasiga asoslanishi lozim. Tahlil uchun material mavjud bo‘lsagina, tizimni takomillashtirish zarurligi ayon bo‘ladi, chunki u o‘zini oqlamayapti, zamon talablariga javob bermayapti. O‘zbekistonda esa vaziyat boshqacha, shuning uchun aralash tizimga o‘tish to‘g‘risidagi qaror hozircha aqlga sig‘maydi”, — deydi ekspert.

Aralash tizim — bu majoritar va proporsional tizimlarning gibrid shaklidir. Uning mohiyati shundan iboratki, bitta hokimiyat vakillik organining o‘zida deputatlarning bir qismi majoritar okruglarda shaxsan, ikkinchi qismi esa vakillikning proporsional tamoyili bo‘yicha partiyaviy asosda saylanadi. Saylovda saylovchi qo‘liga ikkita byulleten olishi nazarda tutiladi. Birini nomzod uchun, ikkinchisini partiya uchun to‘ldiradi.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

Majoritarlar va proporsionalistlar o‘rtasida parlamentdagi o‘rinlarni taqsimlash tartibi turli mamlakatlarda turlicha. Germaniyada bu 50% ga 50%, Italiyada — 75% ga 25%, qo‘shni Qozog‘istonda — 70% ga 30%. O‘zbekistonda qanday nisbatda bo‘lishi hozircha noma’lum.

Aralash tizim o‘z tarkibida jamiyatdagi siyosiy kuchlar muvozanatini aks ettiruvchi parlamentni shakllantirish imkonini beradi, deb ishoniladi. Shuningdek, u siyosiy partiyalarni mustahkamlaydi va raqobat o‘sishiga imkon yaratadi. Biroq, Farhod Tolipov mamlakatda hozirgi yuzaga kelgan sharoitda aralash tizim qanday ishlashi to‘g‘risida yaxshi tasavvurga ega emasligini e’tirof etadi.

“Majoritarlar ham, proporsionalistlar ham hokimiyatga sodiq partiyalarning a’zolari. O‘z nomzodini ilgari suruvchilar, mustaqil nomzodlar bizda mavjud emas, biroq ular kurash olib borishi, kimningdir istagiga bog‘liq bo‘lmagan qiziqarli g‘oyalar, dasturlarni ilgari surishi, mamlakatda partiyaviy tizimning zaifligi tufayli yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin edi. Prezident farmoni va aralash tizimga o‘tish ortidan o‘z nomzodini ilgari suruvchilar paydo bo‘ladimi? Men uchun bu savol ochiq qolmoqda, garchi O‘zbekiston shunday siyosiy tajribaga ega bo‘lsa ham — 1990-yillarda partiyasiz, mustaqil nomzodlar deputatlik o‘rniga da’vogarlik qilishlari mumkin edi”, — deydi Farhod Tolipov.

aralash saylov tizimi, deputatlar, фарҳод толипов

Siyosatshunosning fikricha, siyosiy turg‘unlik sharoitida yangi saylov tizimiga o‘tish kutilgan natijani bermaydi.

“Ikkinchi, uchinchi darajali vazifalarni birlamchi vazifalar bilan chalkashtirmaslik kerak. Birlamchilarini hal qilmagunimizcha, har qanday „innovatsiya“ past samarali bo‘laveradi. Saylov tizimini o‘zgartirish — siyosiy tizim va qonunchilikni takomillashtirishdan keyingi bosqichdir. Boshlanishiga, o‘z nomzodini ilgari suruvchilarning saylovda qatnashishiga ruxsat berish, bu bandni Konstitutsiyaga qaytarish kerak. Partiyalarning sodiqlikdan muxolifatga o‘tishi, bir-biri bilan chinakam kurash olib borishiga erishish lozim. Hozir ular bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Ular tashqi siyosat haqida umuman gapirmaydi, go‘yo partiyalar bu bilan shug‘ullanmasligi kerakdek. Raqobat mavjud bo‘lmagan sharoitda deputatlar qaysi tizimda saylanishi ahamiyatga ega emas, agar ular o‘sha-o‘sha sodiq partiyalarning a’zosi bo‘lsalar”, — deya ta’kidlaydi ekspert.

Aralash tizimga o‘tilgandan keyin deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlar qanday o‘zgarishini tasavvur qilish qiyin, deydi Farhod Tolipov. Muammo aholi va elita o‘rtasida jiddiy siyosiy bilimlarning mavjud emasligidadir.

“Fuqarolarning siyosiy ongi, madaniyati juda past darajada. „Siyosatga aralashmang“ tezisi katta, sovet avlodidan hozirgi yoshlarga o‘tib kelmoqda. Odamlar siyosatdan qo‘rqishadi, o‘zlarini uzoqroq tutishadi, ma’qullashni afzal ko‘rishadi va ko‘pincha nima uchun ovoz berayotganliklarini bilishmaydi. Bu konformizm deb yuritiladi. Siyosiy doiralar: partiyalar, deputatlar, elita shunday pozitsiyadan foydalanadi. Ularni opportunistlar deb atash mumkin. Ular — hokimiyat soyasida turib, o‘zlarining tor g‘arazli manfaatlarini ko‘zlayotganlardir. Opportunistlar imtiyozlarni, foydani boy bermaslik uchun hokimiyatga qarshi chiqishmaydi”, — deya tushuntiradi siyosatshunos.

Farhod Tolipovning fikricha, siyosiy savodxonlikni oshirish orqali vaziyatga ta’sir o‘tkazish mumkin. Hozircha esa, uning so‘zlariga ko‘ra, teskari tendensiya kuzatilmoqda.