16-may kuni O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2022-yil 1−2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud jarayonida 16 nafar mahkumning bergan apellyatsiyasi, shuningdek, shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan 4 nafar shaxsga nisbatan prokuratura protesti ko‘rib chiqildi.

Shu kuni to‘rt nafar guvoh, jumladan, qoraqalpog‘istonlik ikki advokat va 1-iyul kuni Nukus shahri markazida odamlar yig‘ilgan joyda bo‘lgan Prado avtomashinasi haydovchisi so‘roq qilindi. Bu haqda ishda ishtirok etgan asosiy figurant Dauletmurat Tajimuratov manfaatlarini himoya qilgan Sergey Mayorov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Bu Jo‘qorg‘i Kengesning [o‘sha paytdagi] rahbari Murat Kamalovning xizmat mashinasi edi.

Sergey Mayorov haydovchidan o‘sha kuni kim unga kechki payt namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlar va maxsus vositalar ishlatilgan Jo‘qorg‘i Kenges tarafga borish buyrug‘ini berganini so‘radi.

“Bu nega muhim? Fikrimizcha, Jo‘qorg‘i Kenges tomon borish kuch tuzilmalarini harakatga keltirgan. Bunga hojat yo‘q edi. Ammo haydovchi juda qat’iy gapirdi: “Olomonning iltimosiga ko‘ra haydab ketayotgan edim. Olomon meni o‘rab olib: “Bu tomonga kel”, deb talab qildi. Mening boshqa tomonga burilishga imkonim yo‘q edi”, — deya uning so‘zlarini keltiradi advokat.

апелляция, нuкuс voqealarи, қорақалпоғистон

Sergey Mayorovning aytishicha, sud hali so‘roq qilinmagan boshqa ekspertlarni taklif qilmaslik masalasini ko‘targan. “Men e’tiroz bildirdim. Buni mutlaqo noto‘g‘ri deb bilaman. Menga ekspert xulosalarini bergan barcha ekspertlar kerak. Menimcha, sud bunga rozi bo‘lib, ularni ham chaqirishga va’da berdi”, — dedi u.

Dauletmurat Tajimuratovning ukasi, ayni paytda uning himoyachisi sifatida ishtirok etgan Rinat Tajimuratovning aytishicha, uning akasi Xorazm viloyati Davlat xavfsizlik xizmatiga “Nukusda Ichki ishlar vazirligida qiynoqlar bo‘lganmi yoki yo‘qmi?” degan savolga javob olish uchun ariza bergan.

Sudlanuvchi 4-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi binosining uchinchi qavatida u “qiynoqqa solingani va dubinka bilan kaltaklangani”, keyin esa “hech qanday buyruqsiz vertolyotda Xorazmdagi DXX tergov izolyatoriga olib ketilganini” aytgan.

“Qiynoqlarni tasdiqlash uchun Davlat xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tana jarohatlari aks etgan video tasvirga olinib, dalolatnoma tuzilgan. So‘rovga ko‘ra istalgan vaqtda hujjatlarni taqdim qilishlari mumkinligi aytilgan. Birinchi instansiya sudi Dauletmurat Tojimuratovning tergov izolyatorida saqlanayotgan vaqtidagi dalolatnoma va videolarni taqdim etish uchun xat yuborgan, afsuski, oradan besh oy o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha javob berilmadi”, — dedi Rinat Tajimuratov.

Murojjatda Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasining 23-moddasi eslatib o‘tilgan, unga ko‘ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. 24-moddaga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

Xuddi shunday normalar O‘zbekiston Konstitutsiyasining avvalgi tahrirdagi 25 va 26-moddalarida (yangilangan tahrirda — 26 va 27-moddalarida), shuningdek, BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktining 5 va 9-moddalarida ham mavjud.

“Ishda ko‘rsatilgan hibsga olish orderi uning Xorazm Davlat xavfsizlik xizmati tergov izolyatoriga kelgan sana va vaqtiga to‘g‘ri kelmaydi. Dauletmurat bu fikrlarga oydinlik kiritmoqchi edi”, — deydi Rinat Tajimuratov.

Sudya so‘rovni qanoatlantirdi va ichki ekspertiza o‘tkazish uchun Bosh prokuraturaga xat yubordi, dedi u.

апелляция, нuкuс voqealarи, қорақалпоғистон

Sudya Asqar Bekmonov qarori bilan navbatdagi sud majlisi 23-may kuni bo‘lib o‘tadi.