Ukraina donini Qora dengiz portlaridan eksport qilish bo‘yicha 18-mayda muddati tugagan kelishuv ikki oyga uzaytirildi, deya xabar bermoqda Euronews.

“Turkiyaning sa’y-harakatlari, shuningdek, rossiyalik va ukrainalik do‘stlarning ko‘magi bilan Qora dengiz doniga oid kelishuv yana ikki oyga uzaytirildi”, — dedi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an.

Bitimning uzaytirilishi Ukraina va Rossiya hukumati tomonidan ham tasdiqlandi. BMT rahbari Antoniu Gutterish bu qarorni olqishladi va uni “dunyo uchun yaxshi yangilik” deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hal qilinmagan muammolar hamon saqlanib qolmoqda, ammo Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT ularni muhokama qilishda davom etadi.

BBC`ning ruscha nashri xabariga ko‘ra, Rossiyada shartnomani yana bir bor uzaytirish uchun bir qator shartlar bor edi. Bu, xususan, uning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan bog‘liq. Tomonlar talablarni bajarishga rozi bo‘lganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Ukraina dunyodagi yetakchi don mahsulotlari ishlab chiqaruvchisidir. 2022-yil fevral oyida Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay, mamlakatning Qora dengiz portlaridagi omborlari Rossiya floti tomonidan to‘sib qo‘yildi.

O‘tgan yilning iyul oyida Ukraina, Rossiya BMT va Turkiya bilan bir tomonlama shartnomalar tuzdi, bu esa don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozoriga yetkazib berishni davom ettirishga imkon berdi. Bitimning bajarilishini nazorat qilish uchun Istanbulda Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi. Bitim bir necha bor uzaytirildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv davomida Ukraina portlaridan 30 mln tonnaga yaqin don olib chiqilgan.