Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 21 yoshli S.N. huquq-tartibot idoralariga uning kartasidan pul noqonuniy yechib olingani haqida ariza bilan murojaat qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV Kiberxavfsizlik markazi.

Qayd etilishicha, fuqaroga o‘zini Slick to‘lov tizimi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan, shundan so‘ng kartasidan 1,2 million so‘mni yechib olgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatga aloqador shaxslar Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 31 yoshli V.M., 54 yoshli Yu.M. va 25 yoshli R.K ekani aniqlandi.

Ular odamlarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini Slick to‘lov tizimining xavfsizlik xodimlari sifatida tanishtirib kelgan. Bank plastik kartasiga kiberhujum amalga oshirilayotganini, fuqarolarni aldagan holda SMS maxfiy kodlarni qo‘lga kiritgan. Ushbu maxfiy kodlar yordamida fuqarolarning elektron pullarini, boshqa bank kartalari va kriptoxamyonlarga o‘tkazgan.

Har uchala shaxs ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi va boshqa moddalari bilan javobgarlikka tortildi.