Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish uchun ACWA Power Wind Karatau kompaniyasiga 19,3 mln dollar kredit ajratadi.

Loyiha Germaniyaning Deutsche Investitions- und Entwicklungsgesellschaft (DEG) rivojlanishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tashkiloti hamda Fransiyaning Proparco taraqqiyot agentligi tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.

Umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi generatorlar har yili qayta tiklanadigan manbalardan 300 GVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarishi va atmosferaga yiliga 178 ming tonnadan ortiq SO2 emissiyasining oldini olishi kutilmoqda.

“Biz uzoq yillik mijozimiz ACWA Power kompaniyasini va O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Orolbo‘yi mintaqasi shamol va quyosh resurslaridan foydalanish hisobiga o‘z iqtisodiyotini tiklamoqda”, — dedi YeTTB Barqaror infratuzilma guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad.

Bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekistonda umumiy quvvati 2700 MVt bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya quvvatlarini yaratishni moliyalashtirdi. Shuningdek, mamlakat rasmiylari bilan umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tender dasturi ustida ishlamoqda.

Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi loyihasi ushbu dastur doirasidagi birinchi loyihadir. Hisobotda qayd etilishicha, savdolar yopilish vaqtidagi narx Markaziy Osiyo uchun rekord darajada past bo‘ldi, bu xususiy shamol energetikasining tijorat samaradorligini isbotladi va O‘zbekistonni qayta tiklanadigan energiya salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yaqinlashtirdi.

Loyiha, shuningdek, xotin-qizlarning mamlakatda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi. ACWA Power mahalliy texnik universitetlar bilan hamkorlikda genderga mos sertifikatlangan yangi amaliyot dasturini joriy etish orqali O‘zbekistondagi yosh ayollar uchun bozor talab qiladigan ko‘nikmalar va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

ACWA Power Wind Karatau O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan va Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasiga tegishli.