Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA — International Association for the Evaluation of Educational Achievement) 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholaydigan PIRLS tadqiqotlari natijalarini e’lon qildi. Xalqaro miqyosda beshinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro dasturda O‘zbekiston ham ilk bor ishtirok etdi.

Tadqiqot 2021-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston PIRLS dasturi uchun qabul qilingan o‘rtacha balldan (500) sezilarli past (437 ball) natija qayd qilgan va 57 mamlakat orasida 49-o‘rinni egallagan.

Tadqiqotda qatnashgan ayrim davlatlarning o‘rinlari va o‘rtacha ballari:

O‘rin
Davlat
O‘rtacha ball
1
Singapur
587
2
Irlandiya
577
3
Gonkong
573
4
Rossiya
567
5
Shimoliy Irlandiya
566
9
Finlyandiya
549
38
Qozog‘iston
504
49
O‘zbekiston
437
55
Misr
378
56
Marokash
372
57
Janubiy Afrika
288

Tadqiqot mualliflarni natijalarni o‘qish ko‘nikmalari darajalari bo‘yicha 4 guruhga (past daraja — 400 ball, o‘rtacha — 475 ball, yuqori — 550 ball va rivojlangan — 625) bo‘lishganda, O‘zbekistonlik o‘quvchilarning 70%i quyi va 34%i o‘rtacha natijalarni qayd etishgan, o‘quvchilarning 7%i yuqori natijalarga erisha olgan, rivojlangan darajasiga erishgan o‘quvchilar esa yo‘q.

Solishtirish uchun: Singapurda “rivojlangan” darajasiga yetgan o‘quvchilar ulushi 35%ni tashkil qilgan. Sobiq post-sovet davlatlaridan Rossiyada “yuqori” darajaga yetgan o‘quvchilar ulushi 63%ni, Litvada 54%ni, Latviyada — 40%, Gruziyada — 25%, Qozog‘istonda — 28% va Ozarbayjonda 11%ni tashkil qilgan. Xalqaro miqyosda esa o‘quvchilarning 36% yuqori va 75%i o‘rtacha natijalarga erisha olgan.

Izoh: yuqori darajaga erishgan o‘quvchuilar quyi darajaga ham erishgan hisoblanadi, shuning uchun bu kategoriyada davlatdagi har bir kategoriyaga erishgan o‘quvchilar foizi qo‘shilganda yig‘indi 100%dan ko‘p chiqadi. Misol uchun, Singapurda “rivojlangan” darajasiga erishgan o‘quvchilar 35%ni, yuqori — 71%, o‘rtacha — 90% va quyi — 97%ni tashkil qiladi.

O‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha yuqori darajaga (550 ball) erishgan o‘quvchilar ulushi.O‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha yuqori darajaga (550 ball) erishgan o‘quvchilar ulushi.

Tadqiqotda qatnashgan o‘quvchilar orasida qiz bolalar o‘g‘il bolalarga nisbatan yuqoriroq natijalarni qayd etishgan: qizlar va o‘g‘il bolalar natijalari orasidagi o‘rtacha farq 16 ballni tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu farq 24 ballni tashkil qilgan (o‘g‘il bolalarning o‘rtacha balli — 425, qizlarniki — 449 ball). O‘g‘il bolalar va qizlarning o‘qish savodxonligi ko‘rsatkichlari orasidagi eng kichik farq Ispaniya (2 ball), Chexiya va Isroilda (4 balldan) kuzatilgan bo‘lsa, eng katta farq Ummon, Iordaniya (36 balldan), Bahrayn (49 ball) va Janubiy Afrikada (57 ball) qayd etilgan.

Matn turlari (axborot matni va badiiy matn) bo‘yicha solishtirilganda O‘zbekistonlik o‘quvchilar badiiy matnni axborot matniga qaraganda nisbatan yaxshiroq tushunishlari qayd etilgan: badiiy matnni tushunish bo‘yicha o‘rtacha ball 438 ni tashkil qilgan bo‘lsa, axborot matni uchun bu ko‘rsatkich 434 ga teng bo‘lgan.

O‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha solishtirilganda, O‘zbekistonlik o‘quvchilar ochiq aytilgan ma’lumotni topish va talqin qilish ko‘nikmalari bo‘yicha yuqoriroq natija (441 ball) qayd etishgan. Nisbatan yuqoriroq darajadagi ko‘nikma hisoblanuvchi talqin qilish, integratsiya (ma’lumotlarni birlashtirish) va baho berish ko‘nikmalari bo‘yicha esa sezilarli past natija (430 ball) qayd qilingan. Umuman olganda, jami 15 davlat, shu jumladan, AQSh, Shimoliy Irlandiya, Avstraliya, Gruziya, Irlandiya, Latviya o‘quvchilari yuqori darajadagi o‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha balandroq natijalarni qayd qilishgan.

Tadqiqot o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi ularning o‘qish natijalariga ta’sir qilishini ko‘rsatgan. O‘zbekistonda ham yuqori, o‘rtacha va quyi ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlarining natijalari o‘rtasida sezirlarli farq kuzatilgan. Shuningdek, boyroq oilalarning farzandlari ulushi ko‘proq bo‘lgan maktablarda o‘quvchilar nisbatan yuqoriroq natijalar qayd etishi aniqlangan.

Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishining o‘quvchining o‘qish natijalariga ta’siri: turli ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlari natijalarining O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha ball bilan solishtirilishi.Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishining o‘quvchining o‘qish natijalariga ta’siri: turli ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlari natijalarining O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha ball bilan solishtirilishi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ota-onalarning kitob o‘qishga bo‘lgan munosabati ham o‘quvchilarning natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda “kitob o‘qishni juda yoqtiradigan” ota-onalarning farzandlari o‘rtacha 449 ball, “kitob o‘qib turadigan”larning farzandlari 431 ball va “kitob o‘qishni yoqtirmaydigan”larning farzandlari 401 ball natija ko‘rsatishgan.

Tadqiqotda, shuningdek, maktabga chiqishdan oldin oddiy o‘qish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan o‘quvchilar 4-sinf oxiriga kelib maktabga chiqishdan oldin o‘qish yoki yozishni bilmagan o‘quvchilarga nisbatan yuqoriroq natijalar ko‘rsatishi qayd etilgan. Masalan, O‘zbekistonda maktabdan oldin yaxshi o‘qiy olgan o‘quvchilar bilan maktabgacha o‘qishni bilmagan o‘quvchilar natijalari o‘rtasidagi farq 36 ballni tashkil qilgan.

Shuningdek, tadqiqotda maktabdagi resurslar, tartib-intizom va xavfsizlik ham o‘quvchilarning natijalariga ta’sir qilishi aniqlangan. Tadqiqotda qatnashgan O‘zbekistonlik o‘quvchilarning 49%i u yoki bu darajada resurslar yetishmasligi mavjud maktablarda, 35%i tartib-intizom bilan o‘rtacha yoki jiddiy muammolar bor maktablarda o‘qishi qayd etilgan.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, COVID-19 pandemiyasi tadqiqot natijalariga ta’sir qilgan, biroq oldingi tadqiqotlarda (2016-yil va undan oldin) ham qatnashgan davlatlarning 2021-yilgi va oldingi natijalarini solishtirganda aynan pandemiya bu natijalarga qanchalik ta’sir qilganligini aytish qiyin, chunki davlatlarning pandemiya ga qarshi turish bo‘yicha ko‘rgan choralari har xil bo‘lgan. Tadqiqotda qatnashgan aksar davlatlarda 2021-yil natijalari 2016-yil natijalariga qaraganda pastroq bo‘lgan, biroq Kipr, Misr, Fransiya, Gonkong, Ummon, Singapur va Turkiya 2021-yilda 2016-yilga nisbatan yuqoriroq natija qayd etishgan, Shimoliy Makedoniyada esa natijalar o‘zgarishsiz qolgan. O‘zbekiston bu tadqiqotda 2021-yildan oldin qatnashmagan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondan tadqiqotda 2016-yilda 1-sinfga borgan o‘quvchilar qatnashgan. Bundan oldin UNICEF o‘tkazgan tadqiqot 4-sinf o‘quvchilarining yarmidan ko‘prog‘i o‘qigan matnini tushunmasligini ko‘rsatgandi.