O‘zbekiston va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamkorlikda hududlarda ko‘p tarmoqli klinikalar tashkil etish loyihasini amalga oshirmoqda. Bu haqda tashkilotga asoslanib Spot xabar qildi.

Tegishli kelishuv 17-may kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning AQShga tashrifi chog‘ida imzolangan. Uning doirasida Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik negizida uchta shifoxona qurish rejalashtirilgan.

Avval amal qilgan dispanser tizimi turli kasalliklarni ixtisoslashtirilgan klinikalarda davolashga qaratilgan edi. Bu murakkab tashxis qo‘yilgan bemorlar uchun yuqori xarajatlar va qiyinchiliklarga olib keldi, deb ta’kidlaydi XMK.

Yangi tashabbusning tatbiq qilinishi samaradorlikni oshirish va xarajatlarni optimallashtirish uchun bir joyda bir necha yo‘nalishda xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi. Zamonaviy shifoxonalarda davolash diqqat (fokus)ni bemorlarga qaratilgan holda amalga oshiriladi.

“Xususiy sherik bilan hamkorlik qilib, biz shifoxonalarga ilg‘or tajribalarni olib kirishimiz mumkin bo‘ladi. Bu ish jarayonlarini takomillashtirish, bemorlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va yuqori sifatli tibbiy infratuzilmani yaratishni ta’minlaydi”, — dedi Inoyatov.

XMKning davlat-xususiy sheriklik va korporativ moliya bo‘yicha direktori Linda Munengeterva loyihadan dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash imkoniyatlarini qayd etdi. Shu bilan birga, davlat xarajatlari samaradorligi oshadi, deb hisoblaydi u.

Korporatsiya ko‘magida O‘zbekistonda dializ markazlarini tashkil etish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Tegishli tenderda Hindistonning Nephroplus kompaniyasi 2020-yilda g‘olib chiqqan va Toshkent, Nukus hamda Xorazmning ikkita tumanidagi dastlabki to‘rtta shifoxona 2022-yilda ochilgan.

Bundan tashqari, XMK sog‘liqni saqlash sohasidagi bir qator boshqa davlat-xususiy sheriklik tashabbuslarida ishtirok etadi. Farg‘ona shahrida yangi ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishi shular jumlasidandir.