17-may kuni Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqi, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida O‘zbekistonning 2030-yilga kelib yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishga qaratilgan bitim imzolandi. Bu haqda YeIning mamlakatdagi delegatsiyasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Qo‘shma tadbirlar O‘zbekiston hukumatiga mamlakat aholisining umumiy manfaati uchun atrof-muhit va tabiiy resurslarni asrab-avaylagan holda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ko‘maklashish maqsadida o‘tkaziladi.

Yevropaning “Global shlyuz” strategiyasi va YIning yashil siyosati ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, kelishuvning maqsadi yuqori ekologik standartlarga rioya qilish uchun sharoit yaratish, hukumatning turli sohalarda yashil iqtisodiyot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda imkoniyatlarini oshirish va aholini barqaror ish bilan ta’minlashdan iborat.

Team Europe tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga 10,2 million yevro miqdorida grant yordamini taqdim etadi. Bundan tashqari, yashil iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati masalalarida FTA tomonidan jami 375 million yevro miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi. Hisobotda qayd etilishicha, undan 150 million yevro berib bo‘lingan.

Hujjatlarni imzolash marosimida Yevropa komissiyasi xalqaro sheriklik bo‘yicha bosh direktoratining bosh direktori o‘rinbosari Miriam Ferran, O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu ishtirok etdi.