2022-yil 1−2-iyul kunlari Nukus voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ikkinchi sud jarayonida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan 28 nafar shaxsning barchasi apellyatsiya shikoyati berdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, ish jami 39 kishiga nisbatan ko‘rib chiqilgani haqida yozgandik. 17-mart kuni birinchi instansiya sudi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi hukmni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 28 nafar shaxsga nisbatan 5 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum etish, yana 11 nafariga 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan sudlanuvchilar O. Dosnazarov, I. Polatov, R. Dosimbetov, D. Ramanov, K. Yeshjanov, I. Aitmuratov, R. Jumabayev, N. Bauyetdinov, I. Saparov, Q. Baxiyev, D. Nadirbayev, Z. Pirjanov, N. Xabipov, R. Baimbetov, A. Jumabekov, N. Baylepesov, A. Yesemuratov, A. Omirzakov, Z. Tadjimuratov, K. Begaliyev, Sh. Ashirbekov, O. Kurbanov, K. Bekpolatov, M. Raxmanov, A. Sariyev, A. Allanazarov, P. Yesengeldiyev, N. Duysenbayev va ularning himoyachilari tomonidan apellyatsiya shikoyatlari berilgan bo‘lib, jinoyat ishining ushbu sudlanuvchilarga oid qismi mazkur shikoyatlarga asosan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqiladi.

Ushbu jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni 2023-yil 18-may kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 10-may kuni Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasidagi birinchi sud jarayonida 16 nafar mahkumning arizasi, shuningdek, shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan 4 nafar shaxsga nisbatan prokuratura protesti ko‘rib chiqish boshlandi. Ayblanuvchilar va advokatlar jazoni yengillashtirishni, marhum Po‘lat Shamshetovni esa oqlashni so‘radi. Shuningdek, prokuratura ushbu ish bo‘yicha shartli hukm qilingan 4 nafar ayblanuvchiga nisbatan jazoni kuchaytirishni so‘ramoqda.