16-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik konferensiyasi chog‘ida Mastercard global to‘lov texnologiyalari kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining birinchi rasmiy vakolatxonasi ochilishini ma’lum qildi.

“Rasmiy vakolatxonani ochish bizga joylardagi ehtiyojni yaxshiroq tushunish imkonini beradi va biz eng zamonaviy raqamli texnologik yechimlarni taklif etib, yanada g‘ayrat bilan ishlaymiz. Endilikda barchaning manfaati uchun, yaqin yillarda raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti bo‘yicha umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida, biz yanada faol va unumli ishlashimizga aminman”, — dedi EEMEA (Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika) mintaqasida Mastercard prezidenti Dimitrios Dosis.

Konferensiya doirasida Mastercard inklyuziv taraqqiyot markazi o‘ta muhim global sherik — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Markaziy Osiyoda kelgusida hamkorlikni kengaytirish va kichik biznes sohiblari, ayniqsa, ayollar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu memorandum O‘zbekiston va Qozog‘istonda mikro- hamda kichik korxonalar (MKK) raqamli imkoniyatlarini kengaytirish uchun Markaziy Osiyodagi kelgusidagi hamkorlikni o‘rganishga qaratilgan.

2022-yilda Mastercard va O‘zbekiston Markaziy banki o‘rtasida uch yillik Raqamli texnologiyalar sohasida sheriklik to‘g‘risida kelishuv va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kichik va o‘rta korxonalarni raqamlashtirish, fintex, kiberxavfsizlik, turizm, aqlli shahar, moliyaviy savodxonlik, shuningdek, moliyaning hammabopligi kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolangandi.

2023-yilda Raqamli texnologiyalar sohasidagi sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq Mastercard Advisors O‘zbekiston Markaziy banki bilan birgalikda O‘zbekistonda raqamli to‘lovlar o‘tishini yanada jadallashtirishga qaratilgan to‘lov ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha 8 komponentli loyihani muvaffaqiyatli yakunladi.

“Mastercard innovatsion raqamli to‘lov yechimlari yordamida O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga ko‘maklashishga intiladi. E’tiborimiz to‘lovlarning raqamli usullaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda joylashuvi va moliyaviy holatidan qat’i nazar, barcha iste’molchilar uchun xavfsiz va ishonchli tranzaksiyalarni ta’minlashga qaratilgan. Biz mintaqaning yosh va texnik jihatdan ilg‘or aholisida ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz hamda tadbirkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi hamkorlik va dasturlarga investitsiya kiritamiz”, — dedi Dimi Dosis.