O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkentda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati vaqtida yuz bergan ommaviy mushtlashuv haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Ukrainaning Tribuna nashri jurnalisti Andrey Rozanov avvalroq turnirda tomoshabinlar tribunadan sakrab, bir yo‘nalishda yugurayotgani aks etgan videolar hamda ularning qo‘llarida bir necha juft yangi boks qo‘lqoplari ko‘tarilgan suratini e’lon qilgan edi. Materiallarni Telegraf.com.ua nashri turnir davomidagi tartibsizliklar haqidagi izoh bilan birga qayta nashr qildi, unda “boks qo‘lqoplarini o‘g‘irlash ehtimoli” holatlari qayd etildi.

O‘zbekiston IIV xabariga ko‘ra, 13-may kuni jahon chempionatining navbatdagi kuni yakunida tashkilotchilar tomonidan tomoshabinlarga charm qo‘lqoplar bepul tarqatilgan.

“Muxlislar bir-birlariga navbat bermasdan tartibsiz harakat qilganlar. Tadbir tashkilotchilar tomonidan qisqa fursatda tartib tiklanib, jamoat tartibini buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.

Tadbir davomida hozir bo‘lgan “Gazeta.uz” suhbatdoshi o‘sha kuni qo‘lqoplarni tekin tarqatish tashkil etilganini tasdiqladi. Aksiyada jahon chempionatida ishtirok etayotgan bokschilar ham ishtirok etishgan.

Eslatib o‘tamiz, 30-aprel — 14-may kunlari Toshkentda boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston to‘qqizta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi, besh nafar bokschi jahon chempioni bo‘ldi.