31-yanvar kuni Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini Yakkasaroy tuman sudi ko‘rib chiqadi, deb xabar berdi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

Sudlanuvchi A.T. (1993-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) quyidagi Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda:

  • 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlari;
  • 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi;
  • 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi;
  • 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi;
  • 134-moddasi (qabrni tahqirlash);
  • 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 3-qismi “b” bandi;
  • 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha berilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yangihayot tumanida bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilgandi. Mazkur ishda gumonlanuvchi 29 yoshli erkak marhumaning xonadonida avvalroq ta’mirlash ishlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘lgandi.