15-may kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahrida Damas 2 nafar maktab o‘quvchisini urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Soat 07:40 atrofida 2004-yilda tug‘ilgan haydovchi S.X. boshqaruvidagi Damas avtomashinasida shaharning 21-maktab qarshisidagi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 14 yoshli ikki nafar o‘quvchi qizni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Piyodalarga birinchi yordam ko‘rsatilib, olgan jarohatlari bo‘yicha shahar shifoxonasiga yetkazilgan. Ulardan birining jarohati yengilligi aytilmoqda.

Hozirda holat yuzasidan Olmaliq shahri IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, YTHga haydovchining svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangani sabab bo‘lgan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.