Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov, poytaxt prokurori Erkin Yuldoshev, Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov hamda soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonov (“to‘rt sektor” rahbarlari)ning ota-onalarga qo‘shma murojaati e’lon qilindi.

Unda prezident boshchiligida O‘zbekistonda yoshlarga bilim berish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlanadi.

“Shu bilan birga, har bir yoshning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida asosiy ustun, bevosita uning ota-onasi hisoblanadi”, — deyiladi murojaatda.

“Hozirda shiddat bilan rivojlanayotgan va tahlikali zamonda oilada yuksak ma’naviy muhitni shakllantirish nihoyatda zarur bo‘lib, oilaning tinch-totuv, farzandlarning baxtli bo‘lishida ota-ona va mahallaning o‘rni beqiyos.
Shu sababli farzandingiz ta’limi va tarbiyasiga har kuni hech bo‘lmasa 10 daqiqa vaqt ajratyapsizmi, ular bilan dildan suhbat quryapsizmi?” degan savol o‘rtaga tashlandi.

“Farzandingiz kelajakda komil inson bo‘lib yetishishi hamda oila, jamiyat va davlatning mustahkam ustuni bo‘lishi uchun sizning va barchamizning e’tiborimiz hamda yordamimiz o‘ta muhim. Farzandingizning jamiyat va davlat uchun zarur bo‘lgan shaxs bo‘lib yetishishiga ishonmiz. Bu borada ota-onalik vazifangizni bajarishda biz doimo siz bilan yelkadoshmiz”, — deyilida murojaatda.

Murojaat mualliflari ota-onalar bilan bog‘lanishlari mumkin bo‘lgan telefon raqamlarini qoldirishgan:

  • Toshkent shahar hokimligi Jamoatchilik kengashi — 71−210−01−29;
  • Toshkent shahar prokuraturasi — 71−202−07−24 (5514);
  • Toshkent shahar IIBB — 71−233−71−47 (1002)
  • Toshkent shahar soliq boshqarmasi — 78−140−32−03;
  • Yoshlar masalalari agentligi shahar bo‘limi — 71−207−18−30.

bола тарbияси, тошкент, to‘rt sektor