Sudyalar oliy malaka hay’ati Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Robaxon Maxmudovaning sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar qildi juma kuni O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Shu kuni ertalab “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekiston prezidentligiga Robaxon Mahmudovani nomzod sifatida ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan edi.

“Sudlar to‘g‘risida"gi qonunning 62-moddasiga ko‘ra, sudya siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.

Shu munosabat bilan, Sudyalar oliy malaka hay’ati Maxmudovaning arizasiga asosan uning sudyalik vakolatlarini to‘xtatib qo‘ydi.

Siyosiy partiyalar prezidentlikka nomzodlarni faqat o‘z partiyasi a’zolari yoki partiyasizlar orasidan ko‘rsatishga haqli. Robaxon Maxmudova “Adolat” partiyasi a’zosi emas.