Tabiat resurslari vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent shahri Chilonzor tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasida daraxtlar kesildi” sarlavhali xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, akademik Vasit Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi daraxtlarni sanitar butalashga ruxsat berilgan, ammo butalash qoidalariga amal qilinmay, daraxtlarga zarar yetkazilgan.

O‘rganish natijasida daraxtlarni noto‘g‘ri butalash orqali 31 680 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish)ga ko‘ra ilmiy-amaliy markazning xo‘jalik ishlariga mas’ul bo‘lgan X.V. 3 million 300 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Undan jami 34 980 000 so‘m undiriladigan bo‘ldi.

May oyi boshida Senat daraxtlar va butalarni shikastlantirganlar va bu borada loyihalar tayyorlaganlarni ham javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan qonunni ma’qullagan edi.

Shuningdek, O‘zbekistonda daraxtlarni raqamli inventarizatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan. Loyiha 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda Tabiat resurslari vazirligi sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni tahlil qilib, mamlakatning “Yashil indeks”ini aniqlamoqchi. Hozirda Sirdaryo viloyatida sinov ishlari ketmoqda.