Tadbirkorlarning bankdagi pul mablag‘larini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilandi. 10-may kuni prezident qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha [O‘RQ-841-son] qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Xususan, endilikda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan holatlarda javobgarlik belgilash bo‘yicha qo‘shimcha kiritildi. Agar fuqarolarning harakatida yuqoridagi holat aniqlansa, BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 13 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham yana sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu bo‘yicha Jinoyat kodeksiga ham qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, bu quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

  • BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
  • 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

O‘sha harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Agar buning ortidan juda ko‘p miqdorda zarar yetkaziladigan bo‘lsa yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ham ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.