11-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ahvoli, yoz mavsumida energotizimning barqaror ishlashini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, davlat rahbari tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi.

Ta’kidlanishicha, tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, 2 oyda o‘zgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi.

Yig‘ilishda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada ekani qayd etildi.

“Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bag‘dod, Furqat, Termiz, Oltinko‘lda ishlar ahvoli qoniqarli emas. Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emas. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ayrim hokimlar oson yo‘lni tanlab, qo‘yilgan vazifani tayyor budjet mablag‘lari hisobidan bajarishga o‘rganib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.