Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni o‘tkazgan yig‘ilishda “Quyoshli xonadon” dasturi qamrovini oshirish va yanada keng joriy qilish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

O‘zbekistonda 2023-yil 1-apreldan aholi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kilovatti uchun 1 ming so‘mdan to‘lanishi belgilangan. Ular “Quyoshli xonadon” tizimiga ulanib, tegishli to‘lovlarni olishlari mumkin.

Tizim bo‘yicha berilgan yangi vazifalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4 foizi qoplab beriladi.
  • Xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million dollar jalb qilinib, so‘mda, maqbul shartlarda aholi va kichik tadbirkorlar uchun “yashil” kredit mahsulotlari yaratiladi. Aholiga ajratilgan kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi.
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi aholi va tadbirkorlarga berilgan “yashil” kreditlar foizlarining bir qismini qoplash tizimini joriy qiladi.

Shuningdek, “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etiladi. 1-iyuldan boshlab gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat beriladi. Ushbu tizim 1-oktabrdan boshlab barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun joriy qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda quyosh panellarini o‘rnatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 9 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi belgilangandi. 2 oyda o‘zgarish qilmasa, ular ishdan olinadi.