9-may kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida portlash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 21:25 da “Yangiobod” MFYda joylashgan shoxobcha hududida yong‘in-portlash sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FV bo‘limiga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, yong‘inni soat 22:30 qurshab olgan va soat 23:00 da bartaraf etgan.

Yong‘in oqibatida shoxobcha hududida bo‘lgan 3 ta Isuzu rusumli avtomashina va ularda sig‘imi 50 litrli suyultirilgan uglevodorod gazlari bo‘lgan ballonlar yonib zararlangan.

Hodisa shoxobchadagi MAN rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinadan gazni zahira sig‘imiga bo‘shatish jaryonida texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 1 kishi jarohat olgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIBning ma’lum qilishicha, sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 1-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarining shu qoidalar bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudga oid tibbiyot, yong‘in-texnika va sudga oid baholash ekspertizalari tayinlangan.