10-may kuni Qoraqalpog‘iston sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan sudlanuvchilar Amanbay Sagidullayev (1967-yilda tug‘ilgan, “Alg‘a Qaraqalpaqstan” partiyasi yetakchisi, Norvegiyada yashaydi) va Niyetbay Urazbayev (1969-yilda tug‘ilgan, Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili, Qozog‘istonda yashaydi)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lgani va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi bois ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi Sagidullayev va Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazildi. Ish Qoraqalpog‘iston sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi S. Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

Amanbay Sagidullayev Jinoyat kodeksining

  • 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi;
  • 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi;
  • 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi;
  • 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Niyetbay Urazbayev Jinoyat kodeksining

  • 159-moddasi 4-qismi;
  • 244-moddasi 3-qismi;
  • 244−1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi (Ushbu xarakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olingani sababli) chiqarildi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan internet tarmog‘idagi A. Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekani ma’lum qilinadi, — deyiladi xabarda.