Shavkat Mirziyoyev “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, Konstitutsiyasining 110 va 128-moddalari hamda O‘zbekiston Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 2023-yil 9-iyul kuniga muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi tayinlandi.

Shavkat Mirziyoyev bunday qaror nima uchun zarurligini 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda tushuntirib berdi.

“Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, — dedi davlat rahbari.

U yangilangan Konstitutsiya prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘yganini ta’kidladi.

“Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda. To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 6-may kuni Saylov kodeksiga prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari saylovlarini muddatidan ilgari o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston prezident saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, saylov uch oy ichida o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborganda esa, saylov ikki oy ichida o‘tkaziladi. Senat prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi uch oy ichida, Senatning o‘zi tomonidan tarqatilsa, bir oy ichida o‘tkaziladi.