O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda Konstitutsiyaning yangi tahriri amaliyotga tatbiq etilgunga qadar va qonun hujjatlarining bir-biriga zid bo‘lgan normalari bekor qilinmaguncha hal etilishini kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator vazifalar nazarda tutilgan.

Avvalroq mazkur farmon bilan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari (p2p) amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilingani haqida xabar bergan edik.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda 2011-yilda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshirildi. Farmonda qayd etilishicha, mazkur qaror yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida belgilangan mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash maqsadida qabul qilinmoqda.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilish tartibini joriy etishga qaratilgan mutlaqo yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezidenti Farmoni loyihasini taqdim qilishi lozim.

Bundan tashqari, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 41, 65−67-moddalari talablaridan kelib chiqib, 1-iyundan chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar bekor qilinmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan har bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab, ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik subyektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.

Ikki oy muddatda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda shartnomaviy va boshqa fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan javobgarlik choralarini bekor qilish topshirildi.

Fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 50-moddasida belgilangan ta’lim olish huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2023-yil 1-avgustdan boshlab soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.

Ikki oy muddatda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 29-moddasida belgilangan davlatning huquqbuzarliklardan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyati to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilandi.

Farmon bilan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlash (26-modda) maqsadida 1-avgustga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashda shaxsni hibsxonaga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini joriy etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni kiritish topshirildi.

Advokatura sohasiga yosh kadrlarni faol jalb qilish maqsadida 2023-yil 1-sentabrdan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida mehnat qonunchiligiga muvofiq o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat etilmoqda.

1-sentabrdan boshlab respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri 1-maydan kuchga kirdi. Uch oy muddatda Konstitutsiyada mustahkamlangan “Davlatning ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlari bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi” tasdiqlanishi lozim.