O‘zbekistonda 2011-yilda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 8-maydagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Amaldagi qonunga ko‘ra, faqat 12 toifadagi fuqarolar poytaxtda doimiy propiska qilinishi mumkin.

Farmonda qayd etilishicha, mazkur qonun fuqarolarning yangilangan Konstitutsiyaning 32-moddasida nazarda tutilgan mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi, shuningdek, yashash va yashash joyini tanlash huquqlarini cheklaydi.

Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha hisobga olishning xabardor qilish tartibini joriy этишга qaratilgan yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini taqdim etishi lozim.

Avval xabar berganimizdek, farmon bilan yangilangan Konstitutsiyaga zid bo‘lgan boshqa cheklovlar, jumladan, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga cheklovlar, bolalar ta’limi uchun to‘lovlardan soliq olish va boshqalar ham bekor qilinmoqda.