5-may kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatda futbolni ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda futbolni yanada rivojlantirishga oid hamkorlikni muhokama qilish uchun kelgan.

O‘sha kuni FIFA rahbari Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Avvalroq uning prezident Shavkat Mirziyoyevga familiyasi hamda 24 raqami tushirilgan futbolka tortiq qilgani haqida yozgandik.

6-may kuni uning erta tongdan Toshkent bo‘ylab amaliy tashriflari boshlandi. Dastlabki manzil O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bo‘ldi.

FIFA prezidenti boshchiligidagi delegatsiya O‘FA binosini ko‘zdan kechirib, so‘ng GrassRoots yashil maydonidagi yosh futbolchilar bilan salomlashdi. So‘ng ularga omad tilab, futbolchilarga to‘p taqdim qildi. Shuningdek, rahbar sportchilarning to‘plari va futbolkalariga dastxat qo‘yib berdi.

fifa, janni infantino

fifa, janni infantino

fifa, janni infantino

FIFA prezidenti Toshkent viloyatida joylashgan “Do‘stlik” stadioniga ham borib, terma jamoalar mashg‘ulot markazi loyihasi bilan tanishdi va uning qurilishiga hissa qo‘shdi. Shundan so‘ng yaqindagina Osiyo chempioni bo‘lgan U-20 terma jamoasi a’zolari bilan ko‘rishdi. Ularga tilak bildirib, Argentinada o‘tadigan jahon chempionatida omad tiladi. Uchrashuv so‘ngida jamoaviy suratga tushildi. U-20 terma jamoasi FIFA rahbariga 9-raqamli libos sovg‘a qildi.

Foto: Tribuna.uz

“Sizlarni U-20 Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lganingiz va jahon chempionatiga yo‘l olganingiz bilan tabriklayman. Jahon chempionati — o‘ziga xos jarayon. Bu barcha futbolchilar va yosh murabbiylarga juda ham katta tajriba bo‘ladi. Yaqinda Argentinaga borasiz. Ular yaqinda Qatarda jahon chempioni bo‘ldi. Sizlar jahon chempionatining ochilish uchrashuvida Argentinaga qarshi bellashasiz. Sizlar allaqachon mamlakatingiz faxriga aylandingiz. Barchangizni JCHda kutaman va faqat 20 yoshlilar o‘rtasida emas, balki kattalar o‘rtasidagi JCHda ham ishtirok etishingizga umid qilaman”, — deya ta’kidladi FIFA prezidenti.

Jurnalistlarga bergan intervyusida u U-20 Osiyo chempionatini televizor orqali tomosha qilganini, uchrashuv zo‘r o‘tgani va muxlislar bilan to‘lgan stadion unda katta taassurot qoldirganini aytdi. Stadionning atmosferasini ko‘rib, siz butun mamlakat jamoani qo‘llab-quvvatlayotgani, bu orqali jamoani ruhlantirayotganini his qilasiz. O‘ylaymanki, biz endi FIFA jahon musobaqalarini tezroq O‘zbekistonga olib kelishimiz kerak, deya ta’kidladi u.