Ekobloger “O‘rikguli” daraxtlarga ozor bermaslikka chorlovchi fikrlardan so‘ng poytaxtdagi o‘simliklarni sug‘orish tizimidagi holatlarga ham e’tibor qaratdi. U o‘zining tarmoqlardagi sahifasida shahardagi daraxtlarni “pala-partish” sug‘orayotgan favvoralarni rasm va videoga olib, “Favvorani o‘chiring! Meni uvol qilmang” nomi ostida joylashtirdi.

“O‘zbekistonda qurg‘oqchilik boshlanganiga ancha bo‘lgan. Bu shaharda sezilmaydi, televideniyeda ko‘rsatilmaydi, e’tibor berilmaydi. Lekin poytaxtdan tashqari O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida suv yetishmaydi. 2030-yilga borib muammo o‘ta jiddiylashishi kutilmoqda. Biz birlashib suvni tejashimiz kerak bo‘lgan paytda poytaxt ko‘chalaridagi sug‘orish favvoralari palapartish ishlatilib suv isrof qilinmoqda va daraxtlar ildizi chirimoqda!”, — deya yozib qoldirgan u.

“Gazeta.uz” poytaxt Obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi bilan bog‘landi. Tashkilot shaharning xamma ko‘kalamzor maydonlarini vegetatsiya davrida: 15-apreldan 15-oktabrgacha yomgirlatib sepish usulida sug‘oradi.

Toshkent shahrida 1 mln 138,2 ming m² ko‘kalamzor maydon mavjud. Uning 302,6 gektar qismida gazon, 30 ming 327 dona daraxt va 7624 dona buta, 1593 ming dona mavsumiy gullar bor. obyektlarni sug‘orish uchun 110 ta yer osti qudug‘i bor. 65 ta nasosli stansiya mavjud. Nasosli stansiyalar shahardagi 22 ta kanaldan suv oladi. Yer osti balansidan olinadigan suvlar esa, artizan suvlaridir.

Boshqarma boshlig‘i Abduxalil Yuldashovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha 3−4 ta suv manbasida, masalan, Yalang‘och, Oqqo‘rg‘on kanallarida suv yetishmay, muammo bo‘lib turibdi. Kanalda suv oqimi kamaygan. Texnikalarga esa qishda kuzatilgan anomal sovuq ob-havo ta’sir qildi. Quvurlarning ko‘p qismi sovuqda yorilib ketdi. Hozir nosozlik bor joylarning 90−95 foiz qismini to‘g‘rilab bo‘ldik. 10−15 kunlik ish qoldi, dedi u.

Yashil hududlarni sug‘orish qanday kechayotgani haqida

Ta’kidlanishicha, xodimlar kuniga belgilangan bir kartadagi ko‘kalamzor yerni 10−15 daqiqa sug‘orishi kerak. Qiyali joylarni esa 25−30 minut sug‘orish kerak bo‘ladi. Hudud sug‘orib bo‘lingach, suv avtomatik tarzda to‘xtatilmaydi. U inson qo‘li bilan yoqib, o‘chiriladi. Sug‘orish ishlari uchun 188 nafar mavsumiy ishchilar to‘planadi. Biroq, buning uchun yetarlicha ishchi kuchi yig‘ish qiyin kechadi. Hududlarda kutilayotgan muammolar ham aynan xodimlar masalasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“6 oy sug‘orish mavsumida ishchilarni o‘rgatib olgunimizcha bizning sezon tugab qoladi. Har yili yangi ishchilar keladi. To ularni ish joyiga o‘rgatib olgunimizcha, mavsum tugab, ular ishdan bo‘shab ketishadi. Keyin har yili shu muammo qaytarilaveradi. Hodimlarni topishning o‘zi qiyin bo‘lyapti. Hozir boshqarmada 140 nafar ishchi bor. Oyligi juda kam — 1,5 mln so‘m. Bundan tashqari ularning hammasi Toshkent viloyatidan: Chinoz, Parkent tomondan kelib ishlashadi. Poytaxtdan turib ishlovchilar deyarli yo‘q, shahardagilar bu pulga ishlamaydi. Elektrichkada yoki boshqa jamoat transportlarida kelib, ishlaydilar. Agar qolib ishlay desa, yotish joyi yo‘q”, — dedi u.

Ko‘pchilik daraxtlarni erta tongda yoki kechqurun sug‘orsa, effekti yuqori bo‘ladi, deydi. Bu gap to‘g‘ri. Lekin, xodimlarning ish vaqti tonggi 08:00dan 17:00gacha. Ularning ertalab soat 4−5:00 da kelishga imkoni yo‘q. Kechqurun qolib keta olmaydi ham. Chunki yashash uchun yotoq joylari ham mavjud emas, deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i tizimda yana bir muammo borligi, so‘nggi yillarda poytaxtda qurilgan ko‘plab obyektlar boshqarmaga ekspluatatsiya qilish uchun hujjat bermaganini aytdi.

“So‘nggi yillarda bizda yana bir asosiy muammo bu — mana hozir 5 yil ichida juda ko‘p joylarda yangi ko‘chalar, yangi binolar ochildi. Oddiy misol mana, Farg‘ona yo‘li. Ko‘p joylarda yangi gazon va daraxtlar ekildi. Biroq, boshqarmaga o‘z vaqtida ekpluatatsiya uchun topshirilmayapti. Hozir mana kamida 60−70 ta obyekt boshqarma balansiga topshirilmagan. Obodonlashtirish boshqarmasi o‘zi bilganicha sug‘orib kelyapti. Chunki, bu boshqarmaning balansiga kiritilmagan. Ular obyektni sug‘orishimiz uchun bizga shahar hokimi tasdiqlagan hujjatni berishi kerak. Biroq, bitta ham quruvchi bizga ekspluatatsiya uchun hujjat bergani yo‘q”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Boshqarma boshlig‘i ekobloger e’tibor qaratgan sug‘orish favvoralaridagi kamchiliklarning xammasi 1−2 kunda bartaraf etilishiga ishontirmoqda. Hozircha, ularning aksar qismida holat to‘g‘rilandi.