Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi va jurnalist Irina Matviyenko atrofida yuzaga kelgan vaziyatga izoh berdi.

3-may kuni jamoatchilik faoli O‘zbekistonni vaqtincha tark etgani, bunga noma’lum shaxsdan o‘lim tahdidini olgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. U huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgan.

AOKA “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga muvofiq davlat jurnalistning kasbiy faoliyatini amalga oshirishda himoyasini ta’minlashini eslatib o‘tdi.

Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, jurnalistning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu kabi himoyaviy kafolatlar “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida ham o‘z ifodasini topgan.

“AOKA bu kabi holatlarni so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga zid xatti-harakatlar sifatida keskin qoralaydi”, — deyiladi xabarda.

Agentlik Bosh prokuraturaga vaziyatni o‘rganib, unga huquqiy baho berishni so‘rab rasmiy xat yo‘llagan hamda jurnalist hayoti xavfsizligi ta’minlanishi va qonunchilikka zid ravishda tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, vaziyat IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan ham o‘rganilmoqda.

Irina Matviyenko O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan ko‘plab shov-shuvli zo‘ravonlik holatlarini e’lon qilgan. Ular orasida Xorazm viloyatidagi 1-oilaviy mehribonlik uyining voyaga etmagan 3 nafar tarbiyalanuvchisi mansabdor shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangan voqealar ham bor.

Nemolchi.uz loyihasining sa’y-harakatlari ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishiga ham xizmat qildi.